Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi yerosti avtomobil yo‘li ochildi,Islom sivilizatsiyasi markazida esa qurilish yakunlanmoqda
22:13 / 2025-08-29

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 avgust kuni Toshkent shahrida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Har yili xalqimiz Mustaqillik bayramiga yaxshilik va yangiliklar bilan qadam qo‘ymoqda. Bu yil ham yurtimiz manzillarida ko‘plab iqtisodiy-ijtimoiy inshootlar foydalanishga topshirildi, ayrimlarida qurilish ishlari yakunlanmoqda. 

Davlatimiz rahbari dastlab Yangi O‘zbekiston ko‘chasida barpo etilgan yerosti avtomobil yo‘lini ko‘zdan kechirdi.

Yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va transportlar harakatiga qulaylik yaratish – muntazam jarayon. Bu, ayniqsa, aholi soni oshib, hududi kengayib borayotgan Toshkent uchun dolzarb masala. 

Xususan, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston ko‘chasida istirohat bog‘i, uy-joylar, universitet va Olimpiya shaharchasi qurildi. Bu ko‘cha kelgusida Yangi Toshkent shahriga olib boruvchi asosiy yo‘llardan biri bo‘ladi. 

Shu bois, Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab uzunligi 468, kengligi 25 metr bo‘lgan yerosti avtomobil yo‘li barpo etildi. U soatiga 10 mingdan ziyod avtomobilni o‘tkazish imkoniyatiga ega.

Tunnelning usti yashil hududga aylantirilib, “Yangi O‘zbekiston” bog‘i bilan Olimpiya shaharchasi o‘rtasida piyodalarning xavfsiz harakatlanishi ta’minlandi.

Shuningdek, mazkur yo‘nalishda loyihalashtirilgan metro yo‘li uchun tunnel va bekat ham qurildi. 

Aytish joizki, yurtimizda amalga oshirilayotgan har bir loyihada ekologik jihatlar alohida inobatga olinadi. Yangi O‘zbekiston ko‘chasida barpo etilgan yerosti avtomobil yo‘li mashinalarning vaqt sarfini 2 barobarga qisqartirib, kuniga 1 tonna yonilg‘i iqtisod qilinishiga va atmosferaga chiqariladigan zararli gazlar miqdori 2 tonnaga kamayishiga sabab bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari yerosti avtomobil yo‘lining zamonaviy standartlar asosida tashkil etilganiga e’tibor qaratdi. Bu kabi ravon yo‘llar xalqimizga qulaylik yaratib, turizm rivojiga hissa qo‘shishi qayd etildi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ham qurilish jadal davom etmoqda.

Mazkur ulkan va noyob loyiha O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil 23 iyundagi qaroriga binoan boshlanib, 2018 yilgi Ramazon hayiti kuni unga poydevor qo‘yilgan edi. Bugungi kunda bunyodkorlik ishlari yakuniy bosqichga kirgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev markazga ham tashrif buyurib, so‘nggi pardozlash va jihozlash ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Mahobatli inshoot qadimgi me’moriy obidalarimiz shaklida bunyod etilmoqda. Milliy gumbaz va peshtoqlar, naqshlarning ajoyib uyg‘unligi unga alohida ko‘rk bag‘ishlagan. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan.

Markazning eng asosiy qismida Qur’oni Karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda musulmon dunyosining ma’naviy durdonasi – qadimiy Usmon Mushafi joylashtiriladi. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, O‘zbekxon, temuriylar va boshqa tarixiy sulolalar davrida bitilgan muqaddas kitobimiz nusxalari va ularning eski o‘zbek tilidagi tarjimalari qo‘yiladi. Jahondagi eng nodir qo‘lyozma Qur’onlardan namunalar ham o‘rin oladi.

Prezidentimiz ushbu zaldagi so‘nggi pardozlash ishlarini ko‘rib, mutasaddilarga o‘z tavsiyalarini berdi.

Markazda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. Bu yerda turli xalqaro uchrashuvlar, anjumanlar o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratilgan, eng so‘nggi rusumdagi texnika vositalari bilan jihozlangan.

– O‘zbekiston ulug‘ tarixga ega. Buyuk ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan ilmiy va madaniy meros insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan. Ular bilan dunyo hamjamiyatini xabardor qilishda ushbu markazning o‘rni beqiyos bo‘lishiga ishonaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Majmuada “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri”, “O‘zbekiston XX asrda”, “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” kabi bo‘limlar tashkil etiladi. Mazkur davrlar tarixi turli ashyolar, qo‘lyozma manbalar, suratlar va multimedia vositalari orqali namoyish etilgan. Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mahmud Zamahshariy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Ali Qushchi kabi alloma va mutafakkirlarning serqirra faoliyati haqida ma’lumot berilgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Ahror Valiy kabi ulamolarning islom ma’rifatiga qo‘shgan hissasi atroflicha yoritilgan.

Ayni vaqtda majmuada Bibixonim, Xonzodabegim, Gavharshodbegim, Gulbadanbegim, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar Otin kabi tariximizda chuqur iz qoldirgan mashhur ayollarning ilm-ma’rifat homiysi sifatidagi faoliyati ham o‘z ifodasini topgan.

Markazda ulug‘ ajdodlarimiz merosini chuqur tadqiq qilish, uni bugungi kunning o‘tkir muammolariga javob bera oladigan hayotbaxsh kuchga aylantirish zarurligi ta’kidlandi. Buning uchun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy nomidagi va boshqa xalqaro ilmiy-ma’rifiy tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi, zamonaviy tahdidlarga munosib ilmiy javoblar topiladi.

Davlatimiz rahbari markazdagi bunyodkorlikni yuqori baholab, uning faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish, ma’no-mazmunini boyitib borish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

– Sakkiz yil davomida bu yerda katta mehnat qilindi. Shunday salobatli va chuqur mazmunli markaz qurdik. Bu yerga keladigan mehmonlar xalqimizning boy tarixi, ajdodlarimiz bilim va tafakkuriga tan beradi, o‘ziga katta ma’naviy quvvat oladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz markazga tutash hududda barpo etilgan savdo va xizmat ko‘rsatish inshootlari bilan ham tanishdi. Bu kelgusida turizmni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Abdulaziz RUSTAMOV,

O‘zA muxbirlari