French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi yer osti yo‘lagining afzalliklari
19:40 / 2025-06-05

Muborak Qurbon hayiti arafasida Jizzax shahrining eng gavjum nuqtalaridan biri – Mirzo Ulug‘bek mahallasidagi “Markaziy” dehqon bozori oldida zamonaviy yer osti piyodalar o‘tish yo‘lagi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazigan tadbirda Jizzax viloyati va shahar hokimligi, mehnat faxriylari, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Viloyat markazida so‘nggi yillarda transport harakatining tirbandliklarini oldini olish, piyodalar va avtomobillar harakati xavfsizligini ta’minlashda yer osti va yer usti piyodalar o‘tish yo‘llari, ko‘prik va bekatlarning barpo etilayotgani bu kabi muammolarga yechim sifatida xizmat qilayotir.

Bugun nafaqat Jizzax shahrida, balki viloyat hududida yo‘llarni xalqaro talablar darajasiga keltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yo‘lsozlar tomonidan zamonaviy yo‘l, yo‘l o‘tkazgich, ko‘prik, piyodalar uchun yer osti va yer usti yo‘llari bunyod etilayotgani aholining uzog‘ini yaqin, mushkulini oson, eng asosiysi, harakat xavfsizligini ta’minlamoqda.

[gallery-23780]

Davlatimiz rahbarining Jizzax viloyatiga o‘tgan 2024 yilning aprel oyidagi tashrifi davomida berilgan topshiriqlari hamda Vazirlar Mahkamasi rayosati majlisining 2024 yil 7 avgustdagi bayonnomasiga asosan Jizzax shahrida uchta yer osti yo‘li qurilishi belgilangan edi.

Yer osti piyodalar yo‘lagining foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Jizzax shahar hokimi Komil Xolmurodov va boshqalar so‘zga chiqib, davlatimiz rahbari topshiriqlari ijrosi, yer osti o‘tish yo‘lining fuqarolar xavfsizligidagi ahamiyati va afzalliklari xususida gapirishdi. 

Keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda ramziy alvon tasma qirqilib, ishtirokchilar hamda mehmonlar, aholi yangi barpo etilgan yer osti yo‘lini ko‘zdan kechirdi. 

Yangi qurib bitkazilgan inshootning umumiy qiymati 12 milliard 864 million so‘mni tashkil etib, bu yerda to‘rtta yer osti piyodalar o‘tish yo‘lagi bunyod etildi va uning umumiy uzunligi – 155 metr, 4 ta kirish-chiqish zinalari mavjud. Birinchi tunnelning umumiy uzunligi 73,68 metrni, ikkinchisi 69, uchinchisi 59,44 va to‘rtinchisi 50 metrni tashkil etsa, yer osti yo‘lining eni 5,4 va balandligi 2,4 metr ekanligi foydalanuvchilarga katta qulaylik tug‘diradi. Eng muhimi, ushbu yer osti piyodalar o‘tish yo‘llarida imkoniyati cheklanganlarning o‘tishi ham hisobga olinib, ularning nogironlar aravachasida bemalol harakatlanishlari uchun maxsus yo‘laklar ham barpo etildi.

Ushbu tunnelning qurilish ishlari eng so‘nggi texnologiyalar asosida o‘zida zamonaviylik va milliylikni uyg‘unlashtirgan marmar, granit plitalari, mozaika bezaklaridan foydalanilgan holda amalga oshirildi.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, “Markaziy” dehqon bozoriga bir kunda 15 ming nafardan ortiq aholi kelib ketishi, bozor kesishmasidagi yo‘llardan 11 soat mobaynida o‘rtacha 7700 tadan ortiq avtomobil harakati hisobga olinsa, yangi barpo etilgan tunnel piyodalar uchun qulayligi va xavfsizligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari