Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida o‘tgan davr mobaynida 540 ta xonadonga mo‘ljallab bunyod qilingan jami 27 ta ko‘p qavatli zamonaviy turar joyda mana bir necha yildirki, oilalar qulay shart-sharoitlarda yashab kelmoqda. Yaqin-yaqingacha cho‘l va qarovsiz yotgan yerda bugun hayot qaynamoqda, zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmog‘i yaratilib, odamlar munosib turmushi uchun imkoniyatlar hozirlangani quvonarli.
Bugun yurtdoshlarimiz bilan gavjumlashib borayotgan massivda baxtli oilalar safi yana 60 taga ko‘paydi. Mahalliy pudratchi sub’ektlar “Bunyod Shahzod fayz” hamda “Ravon ta’mir invest” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning mohir binokor ustalari tomonidan umumiy qiymati 16 milliard so‘m mablag‘ evaziga barpo etilgan ikkita zamonaviy turar joy majmuasi o‘z egalariga topshirildi.

Uylarni egalariga tantanali topshirish tadbirida tuman hokimi Xurshid Tohirov boshchiligidagi mutasaddilar, jamoatchilik vakillari, mahalla faollari, ko‘plab oilalar vakillari hozir bo‘ldi.
Mazkur turar joy inshootlarini qurishda energosamaradorlikni ta’minlash, zamonaviy innovatsion texnologiyalardan foydalanishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, uzoq yilga imtiyozli kredit sarmoyasi asosida talabgor egalariga rasmiylashtirib topshirilgan yangi ko‘p qavatli uylar tom qismiga quyosh panellari o‘rnatilib, tashqi tomoni issiqlik izolyatsiyasi bilan qoplandi.

– Serfarzand oilamiz, bir necha xo‘jalik bir hovlida siqilishib yashardik. Bugun yillar davomidagi orzular ushaldi. Muhimi, bu uylar nafaqat qulay va chiroyli, balki issiq, yorug‘ va iqtisodiy jihatdan ham tejamkor. Oylik hisoblanadigan to‘lovlarini bemalol ishlab to‘lashimizga imkon bor. Bunday qulaylikni bizga yaratib bergan tashkilotchilar, quruvchilarga katta rahmat, – deydi yangi xonadon egasi Siroj Yaxshiyev.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.