Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi va zamonaviy bino foydalanishga topshirildi
15:55 / 2026-03-05

Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida yana bir yangi maktabgacha ta’lim muassasasi binosi foydalanishga topshirildi. Tumanning Alisher Navoiy mahallasida joylashgan 6-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi zamonaviy talablar asosida yangidan qurilib, bolajonlar uchun o‘z eshiklarini ochdi.

Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi “2025–2027-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi. Qurilish ishlari natijasida umumiy qiymati 3 milliard 600 million so‘m bo‘lgan, 120 nafar bolani qamrab olish imkoniyatiga ega yangi va zamonaviy bino barpo etildi.

Yangi binoda bolalar uchun keng va yorug‘ o‘quv xonalari, zamonaviy ta’lim va o‘yin jihozlari, shuningdek barcha zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari mavjud bo‘lib, bolajonlarning har tomonlama rivojlanishi, ularga sifatli ta’lim-tarbiya berish hamda sog‘lom muhitda tarbiya topishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo etilgan.

Yangi maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi binosi ishga tushirilishi natijasida ta’lim qamrovi yanada kengaydi. Shu bilan birga, muassasada 35 nafar fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.

Tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda ta’lim sohasiga qaratilgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikni alohida ta’kidlab, mazkur muassasa farzandlarimizning bilimli, sog‘lom va barkamol avlod bo‘lib kamol topishiga xizmat qilishini qayd etdilar. Shuningdek, yaratilayotgan imkoniyatlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri