Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi uylarning eskirib borayotgan muammolari
07:31 / 2025-09-16

Yo‘l-yo‘lakay

Odatda yangidan foydalanishga topshirilgan ko‘p qavatli uylarda yashayotgan oilalar huzuriga borarkansiz, yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar, shinam xonadonlardagi yosh oilalarning sharoiti haqida maqtanib gapirib berishadi. Afsuski, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahri Sinabog‘ mahallasida qurilgan ko‘p qavatli uy-joylar massiviga borar ekanmiz, bunday fikrlarning aksini eshitdik.  

Hududni aylanar ekanmiz, atrof-muhitning antisanitariya holatida ekani ham u yerda yashovchilarning noroziligini yaqqol ko‘rsatib turardi.  

Massivda hozirgi paytda 4 ta 16 qavatli turarjoy majmuasi qurilib, foydalanishga topshirilgan.  

Aslida yo‘l-yo‘lakay ko‘p qavatli uylardan birining lifti faoliyat yuritmayotgani haqida olgan og‘zaki murojaatni o‘rgangani kirgandik. Lekin ko‘plab muammolarning ustidan chiqdik.

Uy-joylarda ayrim oilalarning kelib yashayotganiga bir yildan oshib qolgan. Ammo haligacha chiqindixona yo‘q. Ro‘zg‘ordan chiqqan chiqindi uyumlari massivning bir chetida yig‘ilib qolgan. Yashil makon loyihasi doirasida ekilgan ko‘chatlar allaqachon suvsizlikdan qurigan.  

Hamma yoq shamol uchirgan sellofan paket va qog‘ozlarga to‘lib yotibdi. Bolalar maydonchalari hali bitmagan. Lekin bolajonlar boriga qanoat qilib o‘ynamoqda. Bu ketishda maydoncha bitmasdan tugab ketsa ham ajablanmaysan kishi.  

Odamlar bilan suhbatlasharkanmiz, hududga biriktirilgan boshqaruv servis kompaniyasining umuman xizmat ko‘rsatmayotganidan shikoyat qilishadi.  

– Tozalikka umuman e’tibor berilmaydi. Shirkat tayinlagan farrosh deyarli ishlamaydi. Lekin pulga kelganda oyma-oy talab qilishadi, – deydi Gulnora Qo‘ldosheva.

– 12-qavatda yashaymiz. Ekilgan daraxtlar qurib ketgan. Hammayoq chiqindi. Uchib ostonamizgacha keladi. Shirkat ishlamaydi. Aytsak, tozalaymiz deydi, lekin bajarmaydi. Ammo pulni to‘lab kelyapmiz, – deydi  Nigina Ergasheva.

– Bir yil bo‘lyapti shu domga ko‘chib kelganimizga. O‘yingohning joyini almashtirishdi. Necha marta murojaat qilganmiz joyiga qo‘yinglar deb. Ammo joyiga qo‘yilgani yo‘q. Suv quduqlarining usti ochiq va farzandlarimiz uchun xavfli. Qarzimiz yo‘q, – deydi Aziza Sagdiyeva.  

Aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘layotgan ushbu holatlar yuzasidan hududda xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv servis kompaniyasi rahbariga yuzlandik.

– Shahrisabz shahri va tumandagi 272 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatamiz, – deydi “Bekomiks” BSK rahbari Nizomjon Mallayev. – Shu qatorda ushbu 4 ta 16 qavatli uylar ham bor. Hozirgi murojaatlarga keladigan bo‘lsak, bolalar maydonchasi betonning ustida edi, buni xavfsiz joyga oldik. Yonlarini o‘rash jarayonida turibsiz. Nasib bo‘lsa, 15-20 kunda hammasi joyiga tushadi. Men kelgunimgacha liftdan, suvdan muammo bor edi. Shu yilning aprel oyida qabul qilib olganman. Bu yog‘iga suvdan, liftdan hech qanday muammo bo‘lgani yo‘q. Chiqindi masalasi bo‘yicha chiqindi hududini biz belgilamaymiz. Vakolatli tashkilot joyini belgilaydi, quruvchi zamon talabiga mos qilib quradi. Hali chiqindixona qurilmagan. Qolaversa, chiqindini olib chiqib ketish ham bizning vazifamizga kirmaydi. Daraxtlarga kelsak, ular shahar obodonlashtirish boshqarmasiga qaraydi. Ular parvarishini qilishi kerak. Sug‘orish tizimi nazarda tutilgan. Lekin u ham oxiriga yetkazilmagan.  

[gallery-25319]

Demak, BSK rahbarining ta’kidlashicha, ayni paytda hududdagi vaziyatning ko‘pchiligi unga tegishli emas. Haqli savol tug‘iladi, hududning tozaligiga qaramasa, yashillikka e’tibor bermasa, bolalar maydonchasining holati bilan qiziqmasa, o‘zi ular hududda mulkdorlardan pul yig‘ishdan boshqa qaysi vazifani bajarishadi?  

O‘ylaymizki, mas’ullar ushbu masalaga e’tibor qaratadi. Tez fursatlarda fuqarolarning talabi qondiriladi. 

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/bSC2L8CgGkg?si=Djy13fmAOywvh6uI" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari