Prezident ta’lim muassasalari agentligi tomonidan tizimdagi ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, psixologlar hamda tarbiyachi-pedagog va sinf rahbarlari uchun ilk marotaba uslubiy qo‘llanmalar tayyorlandi. Bu haqda Agentlik direktori Hilola Umarova ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ushbu uslubiy qo‘llanmalar ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va axloqiy tarbiyaviy ishlarni tizimli tashkil qilish, dunyoqarashini yuksaltirish, mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, vatanparvar, barkamol avlodni tarbiyalash tamoyillarini o‘rganish va o‘rgatish yuzasidan tayyorlangan.
Hozirgi jadal taraqqiyot bugun tarbiyalanayotgan yosh avlodning kelgusidagi ma’naviy-axloqiy qiyofasini shakllantirishni taqozo etadi. Bunday sharafli vazifa yurtimizda uzluksiz ma’naviy tarbiya tizimi orqali amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Taqdimoti o‘tkazilgan ushbu uslubiy qo‘llanmalar bugungi kunda Prezident ta’lim muassasalari agentligi veb-saytiga joylashtirilgan bo‘lib, undan barcha maktablar o‘qituvchilari foydalanishlari mumkin.
O‘zA