Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yangi Urgut” zamonaviy kanal bo‘ladi
11:45 / 2019-05-17

Samarqand tumanidagi “Navro‘z” nasos stansiyasi 1986 yilda foydalanishga topshirilgan.


Samarqand tumanidagi “Navro‘z” nasos stansiyasi 1986 yilda foydalanishga topshirilgan. Darg‘om kanalidan 90 metr balandlikka suv chiqarib beradigan ushbu gidroinshoot orqali tumandagi 4000 gektar yer sug‘oriladi.

Bu yerda o‘rnatilgan 6 ta nasos agregatining har biri dastlabki paytlarda sekundiga 1 kub metr suv chiqargan bo‘lsa-da, keyinchalik bu ko‘rsatkich keskin kamayib ketgan.

– 30 yildan ortiq vaqt davomida nasoslar birin-ketin ishdan chiqib, so‘nggi vaqtda ikkitagina agregatdan foydalanayotgan edik, – deydi “Navro‘z” nasos stansiyasi boshlig‘i Mehroj Jo‘raev. – Ularning samaradorligi ham belgilangan me’yordan bir necha barobar past edi. Tabiiyki, bu tumanimiz qishloq xo‘jaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatar, suv yetishmasligidan fermerlar mo‘ljaldagi hosilni ololmay kelardi. Prezidentimizning 2017 yil 27 noyabrdagi qarori bilan 2018-2019 yillarda irrigatsiyani rivojlantirish va sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash davlat dasturining tasdiqlanishi bu muammoga yechim bo‘ldi. Ushbu dasturda bizning nasos stansiyamizni ham rekonstruksiya qilish belgilangan edi.

photo5397786568741202599.jpg

Dasturga ko‘ra, 2018 yil oktabr oyida “Samarqandsuvqurilishinvest” davlat unitar korxonasi buyurtmasi asosida pudratchi – “Suvmash” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ob’ektni rekonstruksiya qilishga kirishildi.

– Oldimizga stansiyadagi 4 ta nasos va dvigatelni yangisiga almashtirish, elektr tizimlarini to‘liq yangilash va boshqa gidroinshootlar qurish vazifalari qo‘yilgan edi, – deydi “Suvmash” aksiyadorlik jamiyati ish yurituvchisi Baxtiyor Hojiev. – Bu ishlarni 2019 yil sentabr oyigacha bajarishimiz kerak. Lekin hozirgacha barcha asosiy ishlar bajarildi va rekonstruksiya ishlarini muddatidan avval yakunlaymiz. Xorijdan energotejamkor, zamonaviy uskuna va texnologiyalar keltirib o‘rnatdik. Ayni paytda sekundiga kamida 1 kub metr suv chiqaradigan to‘rtta nasos foydalanishga shay holatda turibdi. Uskunalardan uzoq muddat va samarali foydalanish maqsadida Darg‘om kanalidan olinadigan suvni tinitib, so‘ngra agregatlarga uzatish tizimini joriy qilmoqchimiz. Bu nasoslarning qumga to‘lib qolishining oldini olib, suv chiqarish quvvatini oshiradi. E’tiborlisi, endilikda nasos stansiyasi Samarqand va Nurobod tumanlaridagi 5 ming gektar yerga suv yetkazib berish quvvatiga ega bo‘ladi.

photo5397811616990472750.jpg

2018-2019 yillarda irrigatsiyani rivojlantirish va sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash davlat dasturida Samarqand tumani hududidagi “Yangi Urgut” kanalining 9 kilometr qismini beton qoplama qilish ham belgilangan edi. Bugungi kunda mazkur ob’ektda ham qurilish ishlari yakuniga yetmoqda.

– 1974 yilda qurilgan ushbu kanal 11 ming 400 gektar maydonga suv yetkazib berishga mo‘ljallangan, – deydi “Samarqandsuvqurilishinvest” davlat unitar korxonasi direktori G‘ayrat Otayorov. – Ammo keyingi yillarda kuzatilgan suv taqchilligi hamda sug‘oriladigan ekin maydonlarining kengayib borishi tufayli kanal bu ehtiyojni qondira olmadi. Qolaversa, bir necha kilometr masofadan keltirguncha suvning isrof bo‘lish ko‘rsatkichi oshib ketayotgan edi. Shu sababli kanalni beton qoplama qilish muammoning eng oqilona yechimi deb topildi. O‘tgan yil ob’ektning 4,5 kilometrida belgilangan qurilish ishlari bajarildi. Bu yil boshidan buyon kanalning 2,5 kilometri beton qilindi. Mazkur ob’ektni ham muddatidan avval foydalanishga topshirishni rejalashtirganmiz.