Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumanida matematika va informatika fanlari bo‘yicha mintaqaviy olimpiada tashkil etildi.
Tumani hokimligi, Xalq ta’limi hamda O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan bilimlar bellashuvida tumandagi umumta’lim maktablari o‘rta va yuqori sinf o‘quvchilari ishtirok etdi.


Olimpiadani adolatli o‘tkazish maqsadida savollar shu yerning o‘zida ochilib tarqatildi. Vazifalarni yechib bo‘lgan o‘quvchilar maktab foyesidagi stendga osilgan to‘g‘ri javoblar varaqalaridan o‘z javoblari tekshirib olish imkoniga ega bo‘ldi.
Olimpiadada Xalq ta’limi vazirligi mutaxassisi, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohibi, matematika bo‘yicha Respublika va xalqaro olimpiadalar g‘olibi Sardor Bozorboyev ham nazorat qiluvchi vakil sifatida ishtirok etdi.


G‘oliblar 1-o‘rin uchun 1 million 875 ming, 2-o‘rin uchun 1 million 250 ming, 3-o‘rin uchun 625 ming so‘m miqdoridagi pul mukofotlari hamda diplomlar bilan taqdirlandi.
Olimpiada bilan bir qatorda besh tashabbus doirasida teatr tomoshasi, yosh iste’dodlar ijrosida kuy -qo‘shiqlar, rasmlar ko‘rgazmasi va sport o‘yinlari ham tashkil etildi. Tadbir davomida tumandagi maktablar kutubxonalariga 10 ming dona kitob sovg‘a tariqasida tarqatildi.


Ahmadjon SHOKIROV, O‘zA