Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida yana bir xususiy zamonaviy tibbiy klinika foydalanishga topshirildi.
Ko‘plab qulayliklarga ega bo‘lgan 2 qavatli yangi markazning foydalanishga topshirilishi tumanda travmatologiya va ortopediya sohasida ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi. Shuningdek klinikada fizioterapiya yo‘nalishida ham malakali mutaxassislar zamonaviy diagnostika va davolash apparatlari ko‘magida aholining sog‘lig‘ini himoyalashni maqsad qilgan.
– Tibbiy muassasamizning loyiha qiymati 2,5 milliard so‘mga teng, – deydi loyiha tashabbuskori, shifokor travmatolog-ortoped Muhsinjon Mamajonov. – Asosiy maqsadlarimizdan biri ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha og‘rigan bemorlarimiz, tumanimiz aholisini og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilish. Kelgusida faoliyatimizni yanada kengaytirish, yana yangi tibbiy uskunalar keltirib qo‘shimcha ixtisoslashgan tibbiy xizmatlarni joriy etish, xususan shu yerning o‘zida endoskopik jarrohlikni amalga oshirishni rejalashtirganmiz.
Qayd etilishicha, tibbiy muassasaning ishga tushishi natijasida 16 ta yangi ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, tez orada binoda yana qo‘shimcha bo‘limlar, fitnes hamda gimnastika zallarini yo‘lga qo‘yilishi bilan ushbu maskanda bandligi ta’minlanganlarning soni 30 tadan oshadi.
Yangi tibbiyot markazining ochilish marosimida tuman hokimi Sherzodjon Yo‘ldoshev nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Mehmonlar bu yerdagi tibbiy xizmatlar sifati hamda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
M. Sulaymonov, O‘zA