So‘ngi yillarda poytaxtimizda juda ko‘p qurilish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani hech kimga sir emas. Oxirgi 6 yilda Toshkentda yangi-yangi uy-joylar, zamonaviy korxona va inshootlar barpo etildi. Xususan, 30 ming o‘rinli maktablar, 20 ming o‘rinli bog‘chalar, 2 ming o‘rinli tibbiyot muassasalari, 200 gektar maydonda parklar, 10 dan ziyod yirik sport majmualari qurilgan.
Qolaversa, shaharda jamoat transportini rivojlantirish maqsadida 14 ta metro bekati ishga tushirildi. Buning natijasida kunlik yo‘lovchi qatnovi 1 milliondan oshdi. Yil yakunigacha yana 5 ta bekat foydalanishga topshiriladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bugungi kunda Toshkentda yashayotgan va ishlayotgan aholi soni qariyb 5 millionni tashkil qiladi. Shu bois shaharda yiliga 20 mingdan ziyod xonadonli ko‘p qavatli uylar, 40 dan ortiq maktab, bog‘cha, poliklinika qurishga ehtiyoj mavjud. Ana shularni inobatga olgan holda Buyuk Britaniya, Singapur va turkiyalik mutaxassislar bilan birga, Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan Bosh rejasi loyihasi ishlab chiqildi. Unda aholi uchun qulay sharoitlar yaratish, qurilishlarni shahar tashqarisida amalga oshirish, atrof-muhit tozaligini ta’minlash, Toshkentning me’moriy qiyofasini saqlab qolish masalalari ko‘zda tutilgan.
"Toshkentboshplan LITI" loyiha-izlanish instituti 1 darajali arxitektori Umid Fayziyev bu haqda quyidagilarni so‘zlab berdi.
– Yangi Toshkent loyihasida poytaxt hududini kengaytirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, Toshkent viloyatining chegaradosh tumanlari hisobidan poytaxt hududi bosqichma-bosqich kengaytiriladi, deydi – U.Fayziyev. – Ya’ni Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida Yangi Toshkentni qurish mo‘ljallanmoqda. Yangi Toshkent loyihasi doirasida 20 ming gektarda 1 million aholi yashashi uchun qulay sharoit yaratiladi va shunga mos infratuzilma bilan ta’minlanadi. Xususan, birinchi bosqichda 60 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, 30 ta maktab, 20 ta bolalar bog‘chasi, ko‘p tarmoqli shifoxona va 5 ta oilaviy poliklinika barpo etiladi. Davlat idoralari, Yangi O‘zbekiston universiteti, Milliy kutubxonaning yangi binolari, teatr, ijod maktablari, savdo va servis markazlari ham shu yerda joylashadi.
Yana bir muhim tomoni shundaki, bu loyihani amalga oshirishda zamonaviy urbanizatsiya yondashuvlari asosida «aqlli» texnologiyalar qo‘llaniladi. Masalan, ekologik transport tizimi tashkil etiladi. Metro va elektrobuslar uyg‘unlikda harakatlanadi. «Yashil va xavfsiz shahar» tamoyili asosida piyodalar va velosipedchilarning erkin harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratiladi.
Shu maqsadda avtomobil uchun yer osti turargohlari quriladi. Avtomobil qatnovi uchun zamonaviy tunnellar hamda Chirchiq va Qorasuv daryolari ustida ko‘priklar bunyod etiladi. Barcha elektr, aloqa tarmoqlari, gaz va suv quvurlari yer tagidan o‘tkaziladi.
Xabaringiz bor, joriy yilning 18 mart kuni davlatimiz rahbari Yangi Toshkent shahri qurilishiga tamal toshi qo‘ygandi. Uning birinchi bosqichda 60 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, davlat idoralari uchun ma’muriy binolar, bog‘lar, ijtimoiy va iqtisodiy ob’ektlar barpo etilishi rejalashtirilgan. Bularni loyihalashtirish va barcha ishlarni muvofiqlashtirish uchun direksiya tuzildi. Xorijiy megapolislardagi urbanizatsiya va qurilish tajribasi o‘rganildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/mN-Dq52mvic" title="Yangi Toshkentga vazirliklar va davlat idoralarining bir qismi ko‘chiriladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Bunyodkorlik loyihasini amalga oshirish avvalo infratuzilma yaratishdan boshlanadi. Ta’kidlanishicha, bunda zamonaviy urbanizatsiya yondashuvlari, «aqlli» texnologiyalar qo‘llaniladi. Masalan, «uch generatsiya» stansiyasi qurilib, ham elektr ishlab chiqariladi, ham binolar qishda isitilib, yozda sovitiladi. Barcha elektr, aloqa tarmoqlari, gaz va suv quvurlari yer tagidan o‘tkaziladi.
Bosqichma-bosqich ko‘chirilgan davlat idoralari vazirliklarining hozirgi binolari o‘rnida mehmonxonalar, xizmat ko‘rsatish va savdo ob’ektlari ochilib, Toshkent zamonaviy turizm va biznes markaziga aylanadi.
Bir so‘z bilan aytganda Yangi Toshkent chinakam ekologik shaharga aylantiriladi. «Toshkentning yashil belbog‘i» loyihasi ham aynan shu yerdan boshlanadi. Yangi Toshkent loyihasining birinchi bosqichida 6 ming gektarda bunyodkorlik ishlarini bajarish rejalashtirilgan. Shundan kelib chiqib, istiqbolli qurilish hududlari, yangi shahar bilan poytaxtni birlashtiruvchi asosiy yo‘llar sxemalari ishlab chiqilgan.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA