Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi Toshkentda barpo etilayotgan intellektual markaz davlat rahbarining e’tiborida
16:47 / 2026-02-15

Prezident tashrifidan so‘ng...

Kitob javoni, kutubxona… Bu so‘zlarni oddiygina qilib, kitob hamda gazeta-jurnallar saqlanadigan joy deb ta’riflash mumkindir ehtimol. Bir qarashda bu izoh yetarlichadek tuyuladi.

Uyida kitob asragan, o‘qishga mehri bor odamdan yomonlik chiqmaydi deyishadi. Katta-katta kutubxonalari gavjum yurtlarda yaxshi yangiliklar ko‘p bo‘lishi necha bor tasdiqlangan.

Kutubxonalar hamisha ilm ahli, o‘quvchi va tadqiqotchilar uchun intellektual markaz vazifasini bajargan. Mamlakatimizda ham keyingi yillarda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, kitob nashrini rivojlantirish, mutolaa va kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha qator hujjatlar qabul qilindi. Bir so‘z bilan aytganda, kitobxonlarni rag‘batlantirishning yangi tizimi joriy etildi.

Mavzuni yurtimizda barpo etilayotgan navbatdagi ma’rifat maskani, bir vaqtning o‘zida qariyb bir yarim ming nafar kitobxonga xizmat ko‘rsata oladigan kutubxonaga oid fikrlar bilan davom ettiramiz.

Yangi Toshkent shahrida 2024-yil 3-aprel kuni ilk inshootlar qurilishi boshlangan. O‘shanda Prezident bu ulkan loyihani avvalo ilm va ta’lim maskanlaridan boshlash zarurligini ta’kidlagan edi. Darhaqiqat, yangi kentdagi yirik qurilishlar orasida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi majmuasi alohida ajralib turadi.

Davlat rahbari keyingi yillarda ushbu kutubxona qurilishini bir necha bor shaxsan borib ko‘rdi. Jumladan, o‘tgan yil 30-dekabrda barpo etilayotgan  kutubxonaning qurilish holati bilan tanishdi.

– Prezidentimiz bu qurilish maydoniga kelganlarida loyihani yanada takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar beradilar, – deydi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva. – Davlat rahbari bu maskan o‘z yo‘nalishida eng ilg‘orlardan bo‘lishi kerakligini alohida ta’kidlaydilar. Shu asosda bunyodkorlik ishlari, boshqaruv, xodimlar malakasi va boshqa yo‘nalishlarga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Jahon tajribasi o‘rganilyapti, mutaxassislar yuqori rivojlangan mamlakatlarda amaliyot o‘tab qaytmoqda. Shuningdek, eng zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish uchun xorijdan mutaxassislar jalb qilinmoqda.

Bugunga kelib kutubxona hududidagi qurilish ishlarining ko‘lami yaqqol ko‘rina boshladi. Loyiha qariyb to‘rt gektar maydonni qamrab olgan. Inshoot milliy me’morchilik an’analari hamda zamonaviy infratuzilma yechimlari uyg‘unligida barpo etilmoqda.

Ko‘p qavatli ob’ektning umumiy maydoni 30 ming kvadrat metrdan ortiq. Bu ko‘lam bir vaqtning o‘zida 1 ming 420 nafar kitobxonga zamonaviy va sifatli xizmat ko‘rsatish imkonini beradi.

Kutubxona tarkibidagi maxsus xonalarda adabiyotlarni saqlash, sanoqdan o‘tkazish, xavfsizligini ta’minlash va sterilizatsiya qilish uchun yuqori texnologiyali uskunalar o‘rnatiladi. Bu qadam milliy adabiy merosni asrab-avaylashning mustahkam infratuzilmasini yaratadi.

Majmua ko‘p funksiyali bo‘lib, xalqaro va milliy yirik kutubxonalar bazalaridan onlayn foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ko‘zi ojizlar uchun alohida o‘qish va tadqiqot muhiti yaratiladi. Tashrif buyuruvchilar uchun 300 o‘rinli kafe, galereya, yengil sport maydonchalari, dam olish maskanlari tashkil etiladi.

Mazkur kutubxona Yangi Toshkentda barpo etilayotgan ta’lim va ma’rifat inshootlari qatorida kelajak avlodlar uchun muhim intellektual poydevor bo‘lishi shubhasiz. Ilm-fan va ma’naviyatga yirik sarmoya kiritayotgan mamlakatning iqtisodiy salohiyati ham yuksak bo‘ladi.

Rivojlangan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, kutubxona qurish oddiy infratuzilma emas. U strategik investitsiyadir. Unga yo‘naltirilgan mablag‘ juda tez natija bermasligi mumkin, ammo kelajak uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

So‘z boshida aytgan fikrimizni yana eslaymiz. Kutubxona faqatgina keng va yorug‘ zallar emas. Bu joy odamlar hayotida faol ishtirok etuvchi ijtimoiy makondir.

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri