Yangi Toshkent hududida 55 ming tomoshabinga mo‘ljallangan zamonaviy futbol stadioni qurilishiga tamal toshi qo‘yilgani to‘g‘risidagi xabar dunyoga yashin tezligida tarqaldi.
Ayniqsa, o‘qish, ish, tadbirkorlik va boshqa yumushlar bilan xorijda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz qalbiga bu xabar xush yoqqani bor gap.
Zero, ona-Vatanda, qalb-qo‘ring bog‘langan, umringning eng go‘zal, takrorlanmas damlari o‘tgan maskanda zamonaviy me’morchilik va milliy qadriyatlar uyg‘unligida ekologik toza, “aqlli boshqaruv”ga asoslan FIFAning barcha talablariga mos ravishda zamonaviy infratuzilmaga ega Yangi Toshkent stadioni barpo etilishi kimni quvontirmaydi, deysiz.
Davlatimiz rahbari Osiyoda yagona bo‘lishi kutilayotgan mazkur takrorlanmas majmuaning qurilishiga bag‘ishlangan marosimda “Yangi Toshkent stadioni uchun hozir biz qo‘yadigan tamal toshi – bugungi mehnatimizning va ertangi g‘alabalarimizning asosidir. Ishonamanki, bu ulkan inshoot yoshlar uchun ilhom, xalqimiz uchun iftixor ramzlaridan biri bo‘lib, yurtimizdagi millionlab futbol muxlislariga katta sovg‘a bo‘ladi”, deya ta’kidladi.

Darhaqiqat, qiymati 100 million dollarlik ushbu stadionning barpo etilishi mamlakatimizda millionlar o‘yini bo‘lgan futbolning rivojiga beqiyos hissa qo‘shishi bilan bir qatorda xalqimizning madaniy hayotiga yangicha ruhiyatni olib kiradi.
Farzandim, dilbandim shunday muhtasham maydonlarda futbolchi bo‘lib Vatan sha’nini musobaqalarda himoya qilsin, yuksak natijalarga erishsin, deguvchi ota-onalar, oilalar safi kengayadi. Bunday orzumandlik va intilish, o‘z navbatida sog‘lom turmush tarziga qiziquvchilar ko‘payishiga, jamiyatda sog‘lom muhit, yaratuvchanlik, muvaffaqiyatga erishish yo‘lida fidoyilik ko‘rsatayotganlar safi ortishiga zamin bo‘ladi.
Yana bir o‘ziga xos jihat, 2027 yil futbol bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida yurtimizda o‘tkazilishi belgilangan Jahon chempionatini qabul qilishi nazarda tutilgan Yangi Toshkent stadionining ishga tushirilishi nafaqat futbol, balki mamlakatimizda ommaviy harakatga aylanib borayotgan yoshlar sportining kelgusi o‘n yillik rivojini ta’minlashi ko‘zda tutilmoqdaki, ushbu sa’y-harakatlar xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistonga ishonchi va hurmatini oshirishga xizmat qilishi bilan qadrli.
Ezgu amallar, ulug‘ maqsadlar sari tashlangan ishonchli qadam hamisha muvaffaqiyatlar sari boshlaydigan yorug‘ yo‘llarga yo‘ldosh bo‘ladi.
Bundan 7-8 yil muqaddam davlatimiz rahbari tashabbusi bilan vatanimiz sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qila oladigan mahoratli sportchilarni tayyorlashning yangicha tizimi – "Besh tashabbus olimpiadasi" sport o‘yinlari yo‘lga qo‘yilgani natijasida yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan qamrab olish ko‘rsatkichi yildan-yilga ortib bormoqda. Birgina joriy yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra, 6 million 600 ming nafar yoki 78 foiz yoshlar ommaviy sport tadbirlari bilan qamrab olindi.
Ayni harakat oliy o‘quv yurtlari, mahallalar, tashkilot va idoralar doirasida ham keng joriy etilishi natijasida yurtimizda “Besh tashabbus olimpiadasi” sport o‘yinlari ommaviy xalq harakatiga aylandi. Bu odamlar orasida salomatlikni mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzi tamoyillariga amal qilish ko‘nikmasini shakllantirishga yetarli sharoit yaratmoqda.
Joriy yilning sentyabr oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev FIFA rahbari Janni Infantinoni qabul qilgan chog‘ida xalqaro sport tashkiloti rahbari mamlakatimizda futbolga e’tibor, yaratilayotgan infratuzilma, boshqarish tizimidagi islohotlarni e’tirof etgan edi.
Yangi Toshkent hududida 55 ming tomoshabinni sig‘dira oladigan zamonaviy stadion va uning tizimida barpo etiladigan infratuzilmalar Yangi O‘zbekiston sportining qiyofasinigina emas, uning natijadorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA