Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi Toshkent oddiy qurilish emas, balki o‘ziga xos tafakkur va zamonaviy imkoniyatlar degani (+video)
17:12 / 2025-09-24

Toshkent asrlar davomida turli davrlarni ko‘rgan, ulkan tarixiy sinovlarni boshdan kechirgan shahar. Bugun u nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqada zamonaviy, ilg‘or markaz sifatida yuksalmoqda.

O‘zbekiston taraqqiyot yo‘lida shiddat bilan qadam tashlayotgani keyingi yillarda yaqqolroq ko‘zga tashlanmoqda. Bu jarayon shahar va tumanlarimizdagi ulkan bunyodkorlik ishlarida ham namoyon bo‘layotgani e’tiborga molik. Yana bir tarixiy ahamiyatga ega loyihalardan biri Yangi Toshkentning qurilishidir. 

Davlatimiz rahbari 20 avgust kuni Yangi Toshkentdagi bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bilan tanishib, investitsiyalar jalb etish, dam olish joylari va xizmatlarni qulay yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar bergan edi.

Yangi Toshkent qurilishiga 2023 yil tamal toshi qo‘yilgan. Hozirda bu yerda ilk inshootlar bo‘y ko‘rsata boshladi. Bugungi kunda o‘ndan ortiq vazirlik va idoralar shu yerdagi vaqtincha tashkil etilgan ob’ektlarda faoliyat boshladi.

– Ushbu mukammal loyiha uchun Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan 19 ming 700 gektar yer maydoni ajratilgan, – deydi Yangi Toshkentni barpo etish direksiyasi direktori Davronjon Odilov. –Uning bosh konsepsiyasi Britaniyaning “Cross-works” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Bu uning xalqaro andozalar asosida qurilayotganidan dalolat. Yangi shaharning birinchi bosqichi 6 ming gektar maydonni o‘z ichiga oladi. Hududda 600 ming nafar aholi uchun zamonaviy uy-joylar, ma’muriy binolar, ta’lim va tibbiyot maskanlari, sport inshootlari va dam olish maydonlari quriladi. Kelgusida esa bu yerda 2 million nafardan ziyod inson uchun farovon hayot yaratiladi.

Bu raqamlar Yangi Toshkent ko‘lamining nechog‘lik ulkanligini ko‘rsatibgina qolmay, uning strategik ahamiyatini ham anglatadi. Shahar nafaqat ma’muriy markaz, balki iqtisodiy, madaniy, ilmiy va turistik xabga aylanadi.

Shaharning “ko‘rinmas qon tomirlari” yer osti muhandislik tarmoqlari sanaladi. Hozirgi kunda kollektorlar yotqizilmoqda, ular orqali issiqlik va suv quvurlari, elektr energiyasi va telekommunikatsiyalar yagona tizim asosida joylashtiriladi. Bu uzoq yillar xizmat qiladigan, barqaror infratuzilmaning poydevoridir.

Zamonaviy tunnellar, yerosti turargohlari, keng magistrallar qurilishi transport oqimini yengillashtirib, shaharning erkin nafas olishini ta’minlaydi. Yangi Toshkentda tirbandlik emas, erkin harakat, xaos emas, tartib hukm suradi.

Yangi shahar zamonaviy texnologiyalar bilan bir qatorda, ekologik barqarorlikni ham ta’minlaydi. Metro va elektrobuslar harakati uyg‘unlashtiriladi, velosiped va piyodalar uchun qulay yo‘laklar yaratiladi. Har bir mahalla, har bir maydonda yashil hududlar, bog‘lar va gulzorlar bo‘ladi.

Bu shaharga kirgan odam nafaqat arxitekturadan, balki toza havo va oromdan ham zavq oladi. Yangi Toshkent insonparvar va tabiatga do‘st shahar bo‘ladi.

Shahar qurilishi xorijiy va mahalliy investorlarning katta qiziqishini uyg‘otmoqda. Bugunga qadar 13 ta tijoriy lot bo‘yicha 554 million dollarlik shartnoma imzolangan. Bu shahar yangi mehmonxonalar, restoranlar, zamonaviy savdo markazlari va noyob dizaynga ega binolar bilan nafaqat mamlakatimizning, balki butun mintaqaning turizm markaziga aylanadi.

Qurilish jarayonining o‘ziyoq 160 ming nafar insonning ish bilan bandligini ta’minlamoqda. Kelajakda esa yuz minglab doimiy ish o‘rinlari paydo bo‘ladi. Yangi ta’lim va tibbiyot klasterlari, axborot texnologiyalari markazlari va texnoparklar esa mamlakatimiz iqtisodiyotiga yangi sur’at bag‘ishlaydi.

Yangi Toshkent shunchaki shahar emas, u xalqimiz birligining ramzi, elning mehnatsevarligi, kelajakka ishonchidan darak beruvchi maskan bo‘ladi. 

<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/CLRko50rKDM" title="Yangi Toshkentdagi bunyodkorlik loyihalari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri