Bugun qishloq xo‘jaligi endi faqat daladgi mehnat bilan cheklanmaydi – u innovatsiya, texnologiya va yangi g‘oyalar bilan uyg‘unlashib, zamonaviy agroindustriyaga aylanmoqda. Bugungi kunga moslashish, mavjud imkoniyatdan samarali va oqilona foydalanish nafaqat hosildorlikni oshiradi, balki mahallalarda barqaror daromad, yangi ish o‘rinlari va milliy brendlar paydo bo‘lishiga ham zamin yaratadi.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 14 fevraldagi “Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ana shu yo‘nalishda qilinayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqishning mustahkam huquqiy asosiga aylandi.
Shu asosda tashkil etilgan “Agro Star” loyihalari orqali bugungi kunda issiqxonalar, agrokomplekslar va ekologik toza usullar joriy etilmoqda, tomorqa yer egalari hamda dehqon xo‘jaliklari uchun mutlaqo yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.
Shu kunlarda Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini rivojlantirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha Kengash raisi S.Annaklichev hamda “Uzagrostar holding” kompaniyasi rahbariyati qator hududlarda bo‘lib, tizimda amalga oshirilayotgan ishlar bilan bevosita tanishmoqda.
[gallery-27434]
Dastlabki manzil – Andijon viloyati. “Asaka – Agro Star” ixtisoslashgan kompaniyasi tomonidan “Fayzobod” MFY hududidagi 3 gektar yer maydonida zamonaviy issiqxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali 15 nafar fuqaro rasmiy ish joyiga va barqaror daromadga ega bo‘ldi. Issiqxonaning 0,7 gektar qismida sabzavot ko‘chatlari, 2,3 gektar qismida esa poliz ekinlari yetishtirilmoqda.
Mahalliy chirindilar o‘rniga tarkibida hech qanday zararli vositalar bo‘lmagan torf, perlit va vermikulit aralashmalaridan foydalaniladi. Natijada sabzavot ko‘chatlari yetishtirish muddati 60-65 kundan 30-35 kunga qisqardi. Bundan tashqari, ekologik toza, kasallik va zararkunandalardan holi ko‘chatlar yetishtiriladi.
Maksus kassetalarga urug‘ ekish texnologiyasi joriy etilmoqda. Mazkur uskuna maksus kassetalarga 1 soatda o‘rtacha 30 mingta urug‘ ekish imkoniyatiga ega. Taqqoslash uchun agar qo‘l mehnatidan foydalanilsa, 1 kishi kun davomida 400 tagacha urug‘ ekishi mumkin, xolos.
Shundan so‘ng, Farg‘ona viloyatidagi loyihalar ko‘zdan kechirildi. “Oltiariq – Agro Star” tomonidan “Zilol” MFY hududidagi qariyb 5 gektar yer maydonida agrokompleks tashkil etilmoqda. Unda uzum, meva va sabzavotlarni yetishtirish, saqlash, qayta ishlash hamda yetkazib berish zanjiri yaratiladi. Majmua “Uzumchilik maktabi”, fitosanitariya laboratoriyasi, ilmiy tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda yangi navdagi uzum ko‘chatlarini yetishtirish uchun issiqxona, 2 ming tonna sig‘imli muzlatgichli omborxona, uzum plantatsiyasi, tomchilatib sug‘orish tizimi va 300 kVtli quyosh panellarini o‘z ichiga oladi.
Ma’lumki, Quva tumanining asosiy drayveri – gulchilik va mevachilik hisoblanadi. Hududdagi mahallalarda ixtisoslashuvni yanada chuqurlashtirish maqsadida “Quva – Agro Star” ixtisoslashgan kompaniyasi tomonidan aholiga yengil konstruksiyali zamonaviy gul va meva do‘konlari qurib berish loyihasi ishlab chiqildi. Namuna tariqasida “Farg‘ona – Andijon” magistral yo‘li yoqasida gulchilik bilan shug‘ullanuvchi bir nechta xonadonga do‘kon qurib berildi.
Xulosa qilib aytganda, joylarda tizimli ravishda olib borilayotgan loyihalar xayrli maqsadlarga qaratilgan. Zotan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan “Uzagrostar xolding” hamda uning muassisligidagi ixtisoslashgan kompaniyalar qishloq xo‘jaligiga zamonaviy yondashuvning ilg‘or namunasiga aylanib bormoqda. Binobarin, innovatsion texnologiyalar, ekologik toza mahsulot yetishtirish va eksport salohiyatini kengaytirish masalasi nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini rivojlantirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha Kengashi rahbariyatining hududlarda o‘tkazilayotgan bu kabi o‘rganish tadbirlarida Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlarni o‘z muddatida va sifatli bajarish, ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan manfaatli loyihalarni ko‘paytirish lozimligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ma’lumot uchun, mazkur Kengash raisi S.Annaklichev “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Boshqaruvi raisi ham sanaladi.
O‘zA