Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi tizimga ulanmagan hech qaysi isteʼmolchi tarmoqdan ogohlantirishsiz uzib qoʻyilmaydi
22:21 / 2020-08-29

Ijtimoiy tarmoqlarda “Andijon shahar Elektr taʼminoti rahbari 80 ta xonadonni tarmoqdan uzdi” sarlavhali videotasvir tarqalgan edi.


Ijtimoiy tarmoqlarda “Andijon shahar Elektr taʼminoti rahbari 80 ta xonadonni tarmoqdan uzdi” sarlavhali videotasvir tarqalgan edi. Videotasvirda bir necha koʻp qavatli uylardagi aholi xonadonlari ogohlantirishsiz elektr energiyasi tarmogʻidan uzilganligi va elektr energiyasi taʼminoti va toʻlovlar bilan bogʻliq masalalar xususida suhbat jarayoni aks etgan.

– Videotasvirni koʻrgan yurtdoshlarimiz hech qanday ogohlantirishsiz, aholi elektr tarmogʻidan uzib qoʻyilibdi, – degan tushunchaga kelmasliklari kerak, – deydi “Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ matbuot xizmati rahbari Shaxnoza Akbarova. – Ayniqsa, jamiyatimiz hayotiga ochiq-oshkoralik, shaffoflik chuqur kirib kelayotgan bugungi kunda biror bir ish oʻz-oʻzidan yoki shunchalik qilinmaydi. Shu jumladan, tizimimizda olib borilayotgan ishlar ham bevosita belgilangan tartiblar, amaldagi qonunlar doirasida olib boriladi. Ayniqsa, ASKUE tizimiga ulanmagan hech bir isteʼmolchi ogohlantirishsiz tarmoqdan uzib qoʻyilmaydi.

Jumladan, yuqoridagi holat “Andijon hududiy elektr tarmoqlar korxonasi” AJ tomonidan oʻrganilib, vaziyatga oydinlik kiritildi.

Videotasvirda namoyish etilgan fuqarolar Andijon shahrining Qoʻshariq dahasida oʻtgan yili qurilib, foydalanishga topshirilgan 1-, 2-, 3- va 4- koʻp qavatli uylarda yashovchi fuqarolar boʻlgan. Oʻrganishlar davomida maʼlum boʻlishicha, mazkur koʻp qavatli uylardagi 168 xonadonning atigi 19 tasi elektr energiyasi boʻyicha qarzdor emas. Qolgan barcha xondonlar turli miqdorda qarzdor ekanligi maʼlum boʻldi. Jumladan, ayni paytda 1-uydagi 42 ta xonadondan 39 tasi 13,8 million soʻm, 2-uydagi 42 ta xonadondan 34 tasi 6,5 million soʻm, 3-uydagi 42 xonadondan 36 tasi 10,1 million soʻm, 4-uydagi 42 xonadondan 40 tasi 12,6 million soʻm, jami 42 million soʻm qarzdorlik mavjud.

Oʻrganish davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi “Yoqilgʻi-energetika sohasida oʻzaro hisob-kitoblarni yana-da takomillashtirish va moliyaviy barqarorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash hamda mavjud debitor qarzdorlikni kamaytirish maqsadida isteʼmolchilarning hisoblagichlari ASKUE tizimi dasturiga ulanishi, toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmasa, isteʼmolchi elektr taʼminotidan uzib qoʻyilishi boʻyicha aynan mana shu uylarda yashovchilar bir oy avval ogʻzaki ogohlantirilganligi maʼlum boʻldi.

Ushbu holat yuzasidan “Andijon hududiy elektr tarmoqlar korxonasi” AJ tomonidan berilgan rasmiy bayonotda shunday deyiladi:

...“Eski shahar boʻlimi boshligʻi Abdurahmon Ermatovning tushuntirish berishicha bir oycha avval ushbu xonadonlarni elektr hisoblagichlarini koʻrikdan oʻtkazib qarzdorliklari toʻgʻrisida ogʻzaki ogohlantirishlar bergan, yaʼni yaqin kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi “Yoqilgʻi-energetika sohasida oʻzaro hisob-kitoblarni yana-da takomillashtirish va moliyaviy barqarorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi № 5761 sonli farmoniga asosan ASKUE tizimiga ulanishi va inson omili aralashuvisiz avtomatik tarzda qarzdor isteʼmolchilarga elektr energiyasi berilishi toʻxtalishi toʻgʻrisida ogohlantirgan. Ushbu xonadonlar 25.08.2020-yilda ASKUE tizimiga toʻliq ulanib dastur isteʼmolchilar hisoblagichlari koʻrsatkichlarini qabul qilgan va qarzdor isteʼmolchilarni tarmoqdan avtomatik ravishda oʻchirgan.

Mazkur holat boʻyicha joyiga borib vaziyatga oydinlik kiritildi. Fuqarolar bilan taʼminotchi korxona rahbari oʻrtasida boʻlgan suhbat davomida yuqorida keltirib oʻtilgan holatlar boʻyicha tushuntirish ishlari olib borildi. Isteʼmolchilar haqiqatda 2019-yil noyabr oyidan beri foydalanilgan elektr energiyasi uchun toʻlovlarni amalga oshirmayotganligini tan olishdi hamda taʼminotchi korxona rahbari isteʼmolchilarga toʻlovni amalga oshirish uchun muddat berganligini isteʼmolchilar tomonidan oʻz tasdigʻini topdi. Ushbu hududga qulaylik yaratish maqsadida paynet shoxobchasi tashkil qilinmoqda hamda mutaxassislar tomonidan tunu kun tegishli tartibda choralar koʻrilayotganini alohida aytib oʻtish joiz.”

Oʻrganish davomida maʼlum vaqt elektr energiyasidan uzib qoʻyilgan xonadon sohiblari bilan oʻtkazilgan suhbatda ular tarmoqdan uzib qoʻyish haqida ogohlantirlganligi, toʻlovlarni esa oʻz vaqtida toʻlamaganliklari haqida ochiq oydin gapirib oʻtishdi.

– Oʻtgan yilning noyabr oyida yangi uyga koʻchib kirganmiz, – deydi 2- uyning 1-xonadonida yashovchi Muhabbatxon Yuldasheva. – Shu paytgacha, hatto qish oylarida ham svetimiz umuman oʻchmadi. Shunday boʻlsa-da, elektr uchun toʻlovlarni toʻla amalga oshirganimiz yoʻq. Bir oycha avval elektr korxonasi xodimlari xonadonimizdagi hisoblagichlar ASKUE tizimiga ulanishi, mavjud qarzdorlikni toʻlab qoʻyishimiz zarurligini aytgan. Lekin pandemiya sharoitida, moddiy imkonimiz yoʻqligi uchun toʻlovlarni amalga oshira olmadik.

M. Yuldashevaning gaplarini aynan shu uyda istiqomat qiluvchi Zulfiyaxon Musabekova, Diloromxon Soliyevalar ham tasdiqladi. Taʼminotchi korxona koronavirus pandemiyasi davri qiyinchiliklarini hisobga olib, xonadonlarning qarzdorligi boʻlishiga qaramasdan qarzdorlikni maʼlum vaqtda toʻlash sharti bilan elektr energiyasiga ulab berdi. Bu borada endi isteʼmolchi va taʼminotchi mavjud shart-sharoit va imkoniyatdan kelib chiqib, murosa yoʻlini topishadi, deb umid qilamiz.

Maʼlumki, zamonaviy hisoblagichlar avvalgilariga nisbatan 20 dan ziyod funksiyalarni bajara olish imkoniga ega. Yangi tizimda hisoblagichdagi maʼlumotlar kompyuter orqali nazorat qilinadi. Yaʼni isteʼmol qilingan energiya haqidagi maʼlumotlarni yigʻish hamda qarzdor isteʼmolchilarni aniqlash inson omili taʼsirisiz amalga oshiriladi. Yangi hisoblagichlar agar maʼlumotlarni soxtalashtirishga urinish, hisoblagichga taʼsir oʻtkazish holatlari yuzaga kelsa, darhol oʻchadi va tizimga xabar joʻnatadi. Shuningdek, energiya uchun toʻlov toʻlanmagan taqdirda isteʼmolchi masofadan turib uzib qoʻyiladi.

Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan farmoni ijrosi doirasida mavjud debitor qarzdorlikni kamaytirish maqsadida viloyatda aholi va yuridik isteʼmolchilarning hisoblagichlari yangi elektron hisoblagichlarga almashtirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 2019-yilda 124 ming 416 dona hisoblagichlar almashtirilgan boʻlsa, joriy yilning oʻtgan davrida 223 ming 14 dona zamonaviy hisoblagich oʻrnatilib, ASKUE tizimiga ulangan.

Shuningdek, taʼminotchi korxona bayonotida isteʼmolchilardan elektr energiyasi resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, ularning isrof boʻlishining oldini olish, elektr jihozlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etish, shu bilan birga, foydalanilgan elektr energiyasi uchun oʻz vaqtida toʻlovlarni amalga oshirish, tizimdagi ishlarni yana-da yuqori bosqichga koʻtarish uchun soha xodimlariga yaqindan yordam berilishi soʻraladi.