Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi tizim – yangi imkoniyatlar (+video)
15:56 / 2026-02-19

2025-yil 1-iyuldan yurtimizdagi 15 tuman va shaharda, joriy yildan esa Samarqand viloyatining barcha tuman va shaharlarida tajriba-sinov tariqasida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli joriy qilindi.

Davlatimiz rahbarining 2025-yil 19-mayda qabul qilingan “Respublikada sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va “Sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarni amalga oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida yo‘lga qo‘yilayotgan yangi tizimning tub mohiyati tibbiyot sohasini eng ilg‘or xorijiy tajriba asosida isloh qilish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish va sohaga yangi boshqaruv tamoyillarini joriy qilishdan iborat.

Lekin bu maqsadlarga erishish uchun yana bir qator chora-tadbirlar, vazifalarni amalga oshirish zarurki, ular yuqorida qayd etilgan hujjatlarda aniq belgilab qo‘yilgan. Gap ularni o‘z vaqtida, sifatli bajarishda qolmoqda.

Xo‘sh, tajriba-sinov butun viloyat bo‘ylab amalga oshirilayotgan Samarqand tibbiyotida yangi tizim qanday yo‘lga qo‘yildi, tibbiyot chindan ham aholiga yaqinlashdimi, xizmat sifati oshdimi?

– Yangi tizimdan ko‘zlangan asosiy maqsad, avvalo, birlamchi tizimni aholiga yaqinlashtirish, ikkinchidan, xalqaro tajribaga asoslangan holda yangi model yaratish va birlamchi tizimga aholi qamrovini 70 foizga yetkazish, – deydi Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Jamshid Jiyanov. – Uchinchidan, tibbiyotda turli xil qog‘ozbozliklarni kamaytirish va sohani raqamlashtirish. To‘rtinchidan, tibbiyot xodimlari yuklamasini 30 foizga kamaytirish hamda aholining birlamchi tizimdan roziligini 85 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. O‘tgan yilning ikkinchi yarmida respublikamizning 15 hududida, jumladan, viloyatimizning Samarqand shahri, Ishtixon va Bulung‘ur tumanlarida tajriba-sinov tarzida yangi tizim yo‘lga qo‘yilgani bizga juda qulay bo‘ldi. Ushbu hududlarda amalga oshirilgan ishlar, bu jarayonda duch kelingan ayrim muammolardan xulosa chiqarib va erishilgan natijalarni tahlil qilib, yil boshidan 13 tuman va shaharda ham yangi tizimni yo‘lga qo‘ydik. 

Shu paytgacha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimida aholiga oilaviy poliklinika, qishloq oilaviy poliklinikasi yoki qishloq shifokorlik punkti, mahalla tibbiyot punkti (konteynerlar) orqali xizmat ko‘rsatilardi. Viloyatda 71 ta oilaviy poliklinika va uning 81 ta filiali, 170 ta oilaviy shifokorlik punkti va 44 ta filiali, 230 ta mahalla tibbiyot punkti, 191 ta konteyner bor edi. Bu muassasalar aholi sonidan kelib chiqib, yuridik maqomga ega oilaviy poliklinikalarga hamda ularning filiallariga aylantirildi. Masalan, aholisi soni 12 ming nafargacha bo‘lgan hududlarda ikkinchi tip oilaviy poliklinika, 12 ming nafardan ortiq bo‘lsa, birinchi tip oilaviy poliklinika, 3000 nafargacha aholi yashaydigan hududlarda esa ikkinchi tipdagi oilaviy poliklinika filiali tashkil etildi. Ayni paytda viloyatimizning  4 million 294 ming aholisiga 239 ta birinchi tipdagi, 160 ta ikkinchi tipdagi oilaviy poliklinika va uning 19 ta filiali orqali birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati ko‘rsatilmoqda. 

Oilaviy poliklinikalarda aholiga tibbiy yordam ko‘rsatuvchi oilaviy shifokor, pediatr, akusher-ginekolog va tashxislash xizmatlarini ko‘rsatuvchi mutaxassislar, shuningdek, autsorsing asosida stomatologiya xizmati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, bu muassasalarda UTT va rentgen tekshiruvlarini amalga oshirish imkoniyati yaratildi. 

Aholiga oilaviy shifokorni erkin tanlash huquqi beriladi. Tibbiyot brigadasi hamda unga biriktirilgan aholi o‘rtasida tomonlarning huquq va majburiyatlarini belgilovchi bitim tuziladi. Bu bitim bajarilishi uchun tibbiy brigada va ular xizmat ko‘rsatadigan aholi ham mas’ul hisoblanadi. Avvalgi tizimda 2000 aholiga bir nafar vrach, ikki nafar va bir nafar amaliyotchi hamshiradan iborat tibbiy brigada xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, endilikda bitta brigada 3000 nafar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Brigadada patronaj hamshiralar soni 3 nafarga ko‘paydi. Olis hududlarda yashaydigan aholi uchun tor doirasidagi mutaxassislar ko‘rigi yo‘lga qo‘yildi. 

– Oldin har bir oilaviy poliklinika va oilaviy shifokorlik punktida laboratoriya bo‘lsa-da, olingan tahlil namunalarini tekshirish va aniq xulosa berishda bir qator muammolar bor edi, – deya so‘zida davom etadi J.Jiyanov. – Bu asosan, jihozlarning eski va nosozligi, reaktivlardan foydalanishda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilishi, elektr ta’minotidagi uzilishlar va mutaxassislarning yetarli tajriba va malakaga ega emasligi bilan bog‘liq edi. Endi esa bunday laboratoriyalar tugatilib, tuman va shaharda bitta markaziy laboratoriya tashkil etildi. Poliklinikalarda olingan tahlillar maxsus ajratilgan transport vositalari orqali har kuni ikki marta markaziy laboratoriyaga keltiriladi va bu yerda malakali laborantlar tomonidan zamonaviy tibbiy uskunalarda tekshirilib, natijalar shu kunning o‘zida DMED elektron axborot tizimi orqali oilaviy shifokor va fuqaroga yuboriladi. Ana shu tahlil natijasi bilan fuqaro tuman va viloyat darajasidagi davolash profilaktika muassasalariga yoki ixtisoslashgan markazlarga murojaat qilib, davolanishi, zarur maslahat olishi mumkin. Avvalgi tizimda yurtdoshlarimiz biror xastalik tufayli o‘zi yashab turgan joydagi poliklinikaga, so‘ngra tuman yoki viloyat shifoxonasiga murojaat qilib, uch muassasada ham qon va boshqa tahlillar topshirishiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, endilikda poliklinikada bir marta topshirgan tahlil xulosasining o‘zi kifoya.

Yangi tizimda oldingi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar tuman, shahar markaziy shifoxonasining maslahat-diagnostika bo‘limiga aylantirildi. Endilikda bu yerda faoliyat ko‘rsatadigan tor soha mutaxassislari murojaat qiluvchilarga tashxis qo‘yib, zarurat bo‘lsa, shifoxonaning tegishli bo‘limlarida davolanish uchun yo‘naltiradi. Avvallari vrachlar faqat poliklinikada ishlar va ularda amaliy ko‘nikma deyarli yo‘q edi. Masalan, umuman jarrohlik amaliyotida qatnashmagan jarroh poliklinika xirurgi sifatida yillab ishlashi mumkin edi. Hozir esa maslahat-diagnostika bo‘limi vrachlari ikki oy shu yerda ishlagach, keyin yana shuncha muddat o‘z yo‘nalishi bo‘yicha statsionar bo‘limda faoliyat ko‘rsatadi. Ya’ni, vrachlar almashib ishlaydi va bu ularning amaliy ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi. Shu paytgacha viloyatimizda 16 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va ularning 49 ta filiali faoliyat ko‘rsatardi. Endi ularning ish uslubi o‘zgardi.

Tajriba-sinov loyihasi doirasida tuman, shahar tibbiyot birlashmalari negizida tuman, shahar sog‘liqni saqlash bo‘limlari tashkil etildi. Shu paytgacha tibbiyot birlashmasi boshlig‘i bir vaqtning o‘zida markaziy shifoxona hamda ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika bosh vrachi ham hisoblanardi. Ammo u tizimda asosan tashkiliy ishlar bilan band bo‘lgani sababli bosh shifokorlik funksiyasini to‘laqonli bajara olmasdi. Endilikda sog‘liqni saqlash bo‘limiga boshqa shaxs rahbar bo‘ladi, markaziy shifoxonaga boshqa shaxs bosh vrachlik qiladi. Bu hudud sog‘liqni saqlash tizimi boshqaruvi samaradorligini oshiradi. 

Yangi tizimning yo‘lga qo‘yilishi tufayli aholi tomonidan tibbiyotning birlamchi bo‘g‘iniga, ya’ni oilaviy poliklinikalarga murojaatlar ko‘paydi, tez yordamga chaqiruvlar keskin kamaydi, statsionarda yotib davolanuvchilar oqimi ham ancha qisqardi. Aslida, tizim shunday ishlashi kerak va fuqarolar asosan, birlamchi bo‘g‘inga murojaat qilishi, keyin zarurat bo‘lsagina yuqori bo‘g‘indagi tibbiy muassasalarga yo‘naltirilishi lozim. 

Tajriba-sinov loyihasi doirasida tibbiyot xodimlarining moddiy manfaatdorligi oshirilib, ularning mehnatiga haq to‘lashning ham yangi tizimi joriy etildi. Ayni paytda hech qanday toifa va tajribasi bo‘lmagan, yangi ish boshlagan vrach uchun 7 million so‘m, o‘rta tibbiyot xodimi esa 4 million so‘m bazaviy maosh belgilangan. Lekin tibbiyot brigadasi xodimlari ilg‘or tajribaga muvofiq ishlab chiqilgan to‘rt bosqichdan iborat oila salomatligi bo‘yicha maxsus o‘quv dasturi asosida o‘qib, sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tsa, oylik lavozim maoshiga 100 foizgacha ustama qo‘shiladi. Bundan tashqari, xodimlar faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) asosida ham oylik lavozim maoshining 100 foizigacha miqdorda ustama olishi mumkin. Hozir vrach va o‘rta tibbiyot xodimlari ana shu mezonlar asosida yuqori maosh olib faoliyat ko‘rsatmoqda.

Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash sohasida yangi tizim joriy etilishi munosabati bilan hududlardagi tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, aholi uchun qulayliklar yaratish maqsadida bu yil 300 ta ob’ekt investitsiya dasturiga kiritilib, kapital ta’mirlash va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/S6AS-PReRmw" title="Yangi tizim – yangi imkoniyatlar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat, video), O‘zA muxbirlari