Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi tizim xotin-qizlarning dunyo qarashini o‘zgartirdi
11:50 / 2022-11-03

Surxondaryo viloyatida 1 million 360 mingdan ortiq xotin-qiz yashaydi. Jamiyatimiz gultojlarining 1 million 65 ming nafari qishloqlarda istiqomat qiladi. 721 ming 600 nafari mehnatga layoqatli. Ularning 444 ming 800 nafari iqtisodiy faol xotin-qizlar bo‘lib, 130 ming 100 nafari rasmiy, 252 ming 400 nafari norasmiy sektorda ish bilan band.

Termiz shahridagi Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan navbatdagi matbuot anjumanida viloyat hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zulxumor Xidirova bu haqida jurnalist va blogerlarga ma’lum qildi.  

Mamlakatimizda ayollarning jamiyatdagi faolligini oshirish, mavqeini yanada mustahkamlash, gender tengligini ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor Yangi O‘zbekistonni bunyod etishda o‘z samarasini bermoqda. Jumladan, viloyatdagi ayollarning 2 nafari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, 1 nafari Senator, 17 nafari Xalq deputatlari viloyat Kengashi hamda 88 nafari tuman (shahar) Kengashlarida deputat sifatida xizmat qilmoqda.  

–Bugun xotin-qizlarga g‘amxo‘rlik bundan besh-olti yil avvalgi e’tibordan tubdan farq qiladi, – dedi Zulxumor Xidirova. – Ayollarimizning dunyo qarashi, kelajakka intilishlarida ham katta farq bor. Chunki, ular bilan yaqindan sirlasha oladigan, dardu-tashvishini tinglab, yaqindan yordam beradigan ishonchli tizim yaratildi. Viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamda uning tuman, shahar bo‘limlari xodimlari, mahallalardagi 723 nafar xotin-qizlar faollari opa-singillarimiz, aziz ona va buvilarimizni har taraflama qo‘llab-quvvatlab, oilalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Xususan, joriy yilda mahalla xotin-qizlar faollarining uyma-uy yurishi chog‘ida 35 mingdan ortiq ishsiz xotin-qiz ro‘yxatga olinib, yilning o‘tgan davrida 25 ming 682 nafarining bandligi ta’minlandi.  

Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 14 ming 975 nafar-xotin-qizlarga 316 milliard so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘i ajratildi. “Bir hunarmand ayolga – o‘n shogird” loyihasi doirasida 1 ming 221 nafar ishsiz xotin-qiz 850 nafar hunarmand ayolga shogird sifatida biriktirildi. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini keng targ‘ib qilish uchun gender masalalari bo‘yicha 16 nafar trener hamda 2 ta targ‘ibot guruhi shakllantirilib, viloyatda “Gender-madad” elektron huquqiy maslahat platformasi hamda uning mobil ilovasi ishga tushirildi. Platformaga “Ayollar huquqiy himoyasi”, “Gender tenglik”, “Ayollarga imtiyozlar”, “Oilaviy munosabatlar” va “Oilaviy zo‘ravonlik” kabi huquqiy mavzularga oid ma’lumotlar joylashtirilib, onlayn chat orqali huquqiy maslahat berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.  

Viloyatda ishlab chiqilgan “Davlat boshqaruvida xotin-qizlar faolligini oshirish dasturi” doirasida ham sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Mahallalarda “Oqila ayollar” harakati tashkil etilib, 11 mingdan ziyod faol ayollar jalb etildi va “xonadonbay” targ‘ibot-tashviqot ishlari yo‘lga qo‘yildi. Ehtiyojmand oilalardagi ilmga intilgan xotin-qizlar qo‘llab-quvvatlanib, belgilangan mezon asosida 3 ming 774 nafariga tavsiyanoma berildi.  

Anjumanda joylardagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlari, oliy ta’lim muassasalari va mahallalardagi “Qizlarjon” klubi, “Buvijonlar maktabi” to‘garaklari faoliyati, “Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorlik mexanizmi, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, huquqbuzarliklar profilaktikasi, “Mahallada ijtimoiy xizmat” modulining samaralari, oilalarni mustahkamlash, turar-joyga ega bo‘lmagan xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash, ijara pullarini to‘lab berish, ijtimoiy uylar qurilishi kabi yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham atroflicha fikr almashildi.  

Matbuot anjumanida ta’kidlanishicha, vohada “Ayollar daftari”ni yuritish orqali xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ularning muammolarini tizimli hal etishga erishilmoqda. Masalan, joriy yilda 41 ming 222 nafar xotin-qiz mazkur daftarga kiritilgan. Hozirgacha ularning 39 ming 785 nafariga tegishli yordam ko‘rsatilgan. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagi bo‘lgan 2 ming 639 nafar xotin-qizga 30 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratilib, o‘z biznesini boshlashiga ko‘maklashilgan. 12 ming 647 nafar boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand

xotin-qizga ayollar jamg‘armasidan 8 milliard 200 million so‘m, qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi bor 5 ming 678 ehtiyojmand xotin-qizga 5 milliard 600 million so‘mlik bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilgan. 7 ming 305 nafar ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizga ayollar jamg‘armasi hisobidan 5 milliard 100 million so‘m bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilib, ularning 115 nafarining uy-joyi ta’mirlab berilgan.  

Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Shu kuni ishtirokchilarni Qumqo‘rg‘on tumanida xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish, bandligini ta’minlash singari yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirish uchun press-tur ham tashkil etildi.  

Ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar “Boymoqli chevarlari” tikuvchilik korxonasi, tumanning ikkinchi sektoridagi tadbirkorlik markazi, “Ayollar daftari” ga kiritilgach, oila va xotin-qizlar bo‘limi ko‘magida o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan K. Annaboyeva faoliyati bilan tanishdi. “Onalar yashil makon uchun” umummilliy loyihasida qatnashdi.  

 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,  

O‘zA muxbiri