Har bir hokim yordamchisining mahallaning «o‘sish nuqtasi»dan kelib chiqib, taklif etilayotgan yangi loyihalarni amalga oshirishda, mahallalarda aholining kundalik ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan xizmatlar turlarini rivojlantirishda hissasi bo‘lishi lozim.
Belgilangan qonunchilikka ko‘ra, hokim yordamchilari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha sektor rahbarlari bilan birgalikda har bir mahallani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yo‘nalishlarini belgilaydi, xonadonbay ro‘yxat asosida har bir mahalla kesimida haqiqiy ijtimoiy vaziyatni aniqlaydi hamda oyma-oy amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi.
Shuningdek, hokim yordamchisi aholini, birinchi navbatda ishsiz yoshlar va ayollarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish hamda ularning bandligini ta’minlash ishlarini tashkil qiladi.
JOYLARDA MAZKUR LAVOZIM EGALARINING FAOLIYATI QANDAY KECHMOQDA?
Hududlarda aholini ish bilan ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilish orqali 1,9 million nafar fuqaroning daromadli mehnat bilan bandligi ta’minlandi. Xususan, 560 ming nafari doimiy ishlarga joylashtirildi, 778 ming nafari o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olindi, 66 ming nafari yakka tartibdagi tadbirkorlikka va 137 ming nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi. 341 ming nafar fuqarolarga ijara asosida yer ajratildi.
Hokim yordamchisi «xonadonbay» so‘rovlar o‘tkazish orqali mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturini ishlab chiqish, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida kredit, subsidiyalar, moddiy yordam va nafaqalar ajratilishi bo‘yicha xulosalar berish, ijtimoiy shartnomalarni imzolash hamda shartnoma shartlarining bajarilishini ta’minlaydigan shaxs hisoblanadi.
Shuningdek, ular tadbirkorlik sub’ektlarining biznes loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish, muammolarni «mijozbay» o‘rganish hamda hal etish orqali tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, mavjud resurslardan samarali foydalanishni tashkil etishda ko‘makchi bo‘ladigan lavozim egasi hamdir.
MAHALLABAY ISHLASH VA TADBIRKORLIKNI RIVOJLANTIRISH AGENTLIGI
Axborot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, hokim yordamchilari tavsiyanomalari asosida 267 mingta loyihaga jami 6,4 trillion so‘m imtiyozli kredit va 35 mingdan ortiq ishsizlarga 112 milliard so‘m subsidiyalar ajratildi, 218 ming nafar aholi kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitildi.
Hokim yordamchilari tomonidan shakllantirilgan 34 mingdan ortiq «mahallabay» mikroloyihalardan 19 mingtasi ishga tushirilib, 78 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Mahallalarda amalga oshirilgan ishlar natijasida 61 mingta yuridik va 62 mingta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Hokim yordamchilarining yillik «Yo‘l xaritalari»ga asosan aholi yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha 14,6 ming km. ta’mirtalab ichki yo‘llar shag‘allashtirildi. 7,1 ming km. yo‘llar asfaltlashtirildi, mahalla hududidan o‘tuvchi magistral yo‘l yoqasida ming km. piyodalar yo‘lakchalari barpo etildi. Yaroqsiz holga kelgan 5,3 ming dona transformator, 141,6 ming dona sim yog‘ochlar va 122,6 ming dona tungi chiroqlar almashtirildi. 32,8 ming km. ariqlarni tozalash va 6,5 mingta vertikal sug‘orish quduqlarini qurish orqali 225 mingdan ortiq xonadon tomorqasi suv bilan ta’minlandi.
Ma’lumki, hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etishdan ko‘zlangan bosh maqsad – davlat siyosatini mahallagacha tushirish, aholi bandligini ta’minlash, ularning daromadini ko‘paytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, shu orqali kambag‘allikni qisqartirishdan iborat.
Buning uchun hokim yordamchisi o‘ziga biriktirilgan mahallani to‘liq o‘rganishi, barcha xonadonlarni uyma-uy yurish orqali xatlovdan o‘tkazish, mahallaga ijtimoiy-iqtisodiy nuqtai nazardan diagnoz qo‘yish hamda mahalladagi muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar va mahalla faollari bilan do‘stlashish, ular bilan doimiy fikr almashishi kerak bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, hokim yordamchilarining faoliyatini samarali tashkil qilish maqsadida 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan hokim yordamchilari davlat OTMlarining iqtisodiy ta’lim yo‘nalishlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tavsiyasiga ko‘ra davlat granti asosida sirtqi ta’lim shakliga suhbat asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilab qo‘yildi. Tegishli tartibga ko‘ra, respublikamizda faoliyat olib borayotgan oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan hokim yordamchilariga oliy ta’lim muassasalarining sirtqi yo‘nalishiga kirishi uchun davlat granti ajratiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA