Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi tizim samara berdi: hokim yordamchilari o‘z ishini davom ettiradi
11:02 / 2023-01-27

Mahalla fuqarolar yig‘inlarida hududda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari lavozimi joriy etildi. Ular zimmasiga qo‘yilgan vazifalarga yarasha vakolat, imkoniyat va imtiyozlar berildi. Va albatta, bu vazifalarni bajara olish qobiliyatiga ega, tajribali mutaxassislar yangi ishga tayinlandi.

O‘tgan bir yil yangi tizim uchun ham, bu vazifada ishlaganlar uchun ham sinovli kechdi. Ko‘p vazifalar yordamchi zimmasida bo‘lsa, mahalla oqsoqoli nima ish qiladi, degan gap-so‘zlar ham quloqqa chalindi. Ammo yil davomida mahalladagi har bir xodimning, jumladan, yordamchining ham vazifasi ayon bo‘lib, uning natijasi hudud aholisi hayotida o‘z aksini topa boshladi. Samarqand viloyatida ham iqtisodiy kompleks tarkibiga kiruvchi tashkilotlarda asosan, rahbarlik lavozimlarida ishlab kelgan xodimlar orasidan saralangan 1126  nafar xodim mahallalarda hokim yordamchiligiga tayinlandi.  

Yordamchilar tomonidan birinchi navbatda viloyatdagi xonadonlar xatlovdan o‘tkazilib, qaysi oilaga qay tartibda yordam ko‘rsatish, ishsizlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, nochor oilalarni kambag‘allikdan chiqarish choralari belgilandi. Har bir mahalla bo‘yicha “yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi.

– Birinchi bosqichda, hokim yordamchilari tomonidan mahallalardagi 741,5 ming xonadon xatlovdan o‘tkazilib, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga ko‘ra to‘rt toifaga ajratildi, – deydi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Baxriyor Rofeyev. – Ya’ni, birinchi toifaga daromadi kam, ishsiz a’zolari bo‘lgan, o‘z ishini boshlashga qiziqishi katta, shuningdek, daromad topishga, kasb o‘rganishga harakat qilayotgan xonadonlar kiritildi. Doimiy daromadga ega, qo‘shimcha daromad topish istagi bor xonadon ikkinchi toifada qayd etildi. Nogironligi va kasal a’zolari bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj xonadonlar uchinchi, iqtisodiy ahvoli yaxshi va o‘ziga to‘q oilalar to‘rtinchi toifada belgilab olindi. Shu va boshqa omillash asosida aholining kasb-hunarga o‘qish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, kredit olish va boshqa istaklari o‘rganildi. Bu masalalarni hal etish uchun hokim yordamchilariga 1,2 trillion so‘m miqdorida moliyaviy manbalar shakllantirib berildi.

[gallery-10388]

Shu bilan birga, xatlov davomida 298 mahalla chorvachilik, 264 mahalla dehqonchilik (issiqxona), 123 mahalla bog‘dorchilik, 10 mahalla hunarmandchilik, 34 mahalla kichik ishlab chiqarish, 331 mahalla savdo va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashganligi aniqlandi. Hokim yordamchilariga yaratib berilgan sharoit va moliyaviy dastaklar qisqa davrda, ularga mahalla ahli bilan ijobiy munosabat o‘rnatish imkonini berib, aholini ijtimoiy himoya qilish, ularning bandligini ta’minlash va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlari natijadorligini oshirdi. Natijada yil davomida 118,1 ming nafar aholi doimiy va mavsumiy ishga joylashtirildi, 172,8 ming nafari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tdi, 13,1 ming kishi yakka tartibdagi tadbirkorlikka va 12,9 ming nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi, 36,9 ming nafar fuqaroga ijara asosida yer ajratildi.

Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida hokim yordamchilari tavsiyanomalari asosida 40,2 mingta loyiha uchun 902 milliard so‘mlik kredit ajratildi. Aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularga mehnat qurollari va asbob-uskunalar olib berish maqsadida 7,3 ming nafar ishsiz fuqaroga 19,5 milliard so‘mlik subsidiya berildi. 27 ming nafar fuqaro kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qishga yo‘naltirildi. Ularning ko‘pchiligi “Ishga marhamat” monomarkazlari va boshqa nodavlat ta’lim muassasalarida o‘qidi.

Yordamchilar tomonidan 3,5 mingta “mahallabay” mikroloyihalar shakllantirildi va ularning barchasi ishga tushirilib, 16,6 mingta ish o‘rni yaratildi. Mahallalarda 10,6 mingta yuridik va 12,9 mingta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Xatlov davomida aniqlangan, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritib kelayotgan 1,8 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ekti aniqlanib, soliq organlari bilan birgalikda ularning faoliyatini legallashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, aholi turmush sharoitini yaxshilash maqsadida hokim yordamchilari tashabbusi bilan mahallalarda zamon talablariga mos infratuzilma yaratishga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu kabi ishlarning samarasi, aholi daromadlarining o‘zgarishini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan kuzatuvlar shuni ko‘rsatdiki, yordam ko‘rsatilgan oilalarning deyarli barchasi hayotida o‘zgarish bo‘lgan, daromadi oshgan.

Prezidentimiz raisligida 25 yanvar kuni o‘tkazilgan kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash hamda kichik biznesni rivojlantirishga qo‘shimcha sharoitlar yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2023 yil uchun rejalar muhokama qilindi. Bu borada hokim yordamchilari oldida turgan vazifalar ham alohida qayd etildi.

– Bu yil oldimizga juda katta vazifalar qo‘yganmiz, – deya so‘zida davom etada B.Rofeyev. – Videoselektorda ham davlatimiz rahbari tomonidan har bir masala atroflicha muhokama qilinib, vazifalar aniq belgilab berildi. Joriy yilda viloyatimizda 190 ming nafar fuqaroni o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olish, 13 ming nafarini hunarmadchilikka jalb qilish choralari ko‘riladi. Aholini tadbirkorlikka yo‘nalishtirish va o‘zini o‘zi band qilishi uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 40 mingga yaqin loyihaga 10 trillion so‘mlik imtiyozli kreditlar hamda 10 mingga yaqin ishsiz fuqarolarga 41 milliard so‘mlik subsidiyalar ajratiladi. Bunda, joriy yildan tuman va shaharlarning besh toifaga bo‘lingani e’tiborga olinadi. To‘rtinchi toifadagi (jozibadorligi yetarli bo‘lmagan) Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Paxtachi, Payariq tumanlari hamda beshinchi toifadagi (sharoiti og‘ir) Qo‘shrabot tumaniga alohida e’tibor qaratiladi.

Investitsiya dasturiga kiritilmagan va hokim yordamchilari tomonidan shakllantirilgan 4 mingga yaqin mahallabay mikroloyihalari asosida 19 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 2023 yilda mahallalarda 11,9 mingta yuridik va 20,7 mingta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Birinchi chorak davomida mahallalarda qaytadan “xonadonbay” xatlov ishlari olib boriladi va o‘rganish natijalari “Onlayn mahalla” platformasida qayd etiladi. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” dagi har bir oilaning iqtisodiy ahvoli o‘rganilib, o‘rganish natijalariga ko‘ra daromadi kambag‘allik chegarasidan past deb topilgan oilalar “kambag‘allikdan chiqarish” moduliga kiritiladi. Har bir oila bilan “individual dastur” va “ijtimoiy shartnoma” asosida ish tashkil etiladi.

Ijara asosida ajratilgan yerlardan olinayotgan hosilni statistika hisobotlarida to‘g‘ri aks ettirish, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirilishi hamda bu yo‘nalishda aholi olayotgan daromadlar hisobini kuzatib borish maqsadida, hokim yordamchilariga yil davomida yer maydonlaridan foydalanish yuzasidan monitoring yuritiladi. Ixtisoslashgan mahallalarga yaqin hududlarda 44 ta mikromarkazlar tashkil etiladi. Buning uchun hokim yordamchilari tomonidan birinchi chorak davomida mahallalarda bo‘sh turgan bino va yer maydonlari aniqlanib, auksion savdolariga chiqarish bilan bog‘liq ishlar tashkillashtiriladi hamda g‘olib bo‘lgan tadbirkorlarga loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashiladi.

Umuman, bir yillik tajriba asosida bu yil hokim yordamchilari tomonidan mahallalarda olib borilayotgan ishlar ko‘lami kengayadi va bu albatta, samaradorlik oshishiga yordam beradi. Muhimi, hududlarda aholi turmush tarzida ijobiy o‘zgarishlar bo‘ladi.

G‘.HASANOV,

O‘zA