English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi tizim o‘z samarasini bermoqda
19:08 / 2024-05-31

Mamlakatimizda “mahalla yettiligi” ning joriy etilishi, avvalo, aholi muammolarini mahallaning o‘zida bartaraf etish, ko‘plab masalalarga birgalikda yechim topish imkonini yaratdi.

Xususan, soliq xizmati organining mahalla darajasiga tushirilishi aholining soliq madaniyatini yuksaltirish, ularni tadbirkorlikka keng jalb qilish, yashirin iqtisodiyotning oldini olish, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlagan holda kichik biznesga yo‘naltirish, “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlarning murojaatlarini ijobiy hal etishda muhim omil bo‘lmoqda.

Navoiy viloyatidagi 330 ta mahallaga 168 nafar soliq xodimlari biriktirilgan. Soliq xizmati xodimining mahallada har bir soliq to‘lovchi bilan bevosita ish olib borishi, ularga huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatishi natijasida 2 ming 640 ta korxonadagi 7 ming 481 nafar xodimning norasmiy faoliyati qonuniylashtirildi. Buning samarasida byudjetga qo‘shimcha 2 milliard so‘m miqdorida daromad solig‘i hisoblandi.

– “Qonuniy faoliyat – barqaror rivojlanish va xotirjamlik asosi” tamoyili asosida viloyatda noqonuniy faoliyat yuritib kelgan 2 ming 371 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ekt faoliyati qonuniylashtirildi, – deydi Navoiy viloyati soliq boshqarmasi soliq organlarining mahallabay ishini tashkil etish sho‘’basi boshlig‘i Saydullo Abdullayev. –O‘z navbatida, vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan 1166 ta tadbirkorning faoliyati tiklandi. 24 ming 754 nafar fuqaroning o‘zini o‘zi band qilishi ta’minlandi. Shuningdek, “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash natijasida 5 ming 86 ta tadbirkorning tovar aylanmasi 14,7 milliard so‘mga oshirildi. Ya’ni, qo‘shimcha 3,2 milliard so‘m miqdorida aylanmadan olinadigan soliq manbasi shakllandi. Shu bilan birga, joriy yilda aholi turar-joylari uchun hisoblangan 111,9 milliard so‘m mol-mulk va yer soliqlarining undirilishi natijasida mahallalar ixtiyorida 11,2 milliard so‘m miqdorida mablag‘ qolishi ko‘zda tutilmoqda. Bugungi kunga qadar jismoniy shaxslardan undirilgan 36,4 milliard so‘m miqdorida mol-mulk va yer soliqlarining 3,6 milliard so‘mi mahallalar ixtiyorida qoldirildi.

Albatta, mahallabay ishlash tizimining joriy etilishi bilan mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining real daromadlarini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish borasidagi soha xodimlari mehnati, aniqrog‘i, ish samaradorligi munosib rag‘batlantirilmoqda. 

Xatirchi tumani “Ikrom karvon”, “Novja”, “Xo‘jaqulobod” mahallalariga biriktirilgan soliq inspeksiyasi xodimi Ulug‘bek Yusupov “Mahallabay ishlash” tizimining dastlabki natijalariga ko‘ra, mahalladagi 17 nafar noqonuniy faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’ektini yangidan ro‘yxatdan o‘tkazgan. 41 ta korxonada norasmiy mehnat qilib kelayotgan 27 nafar ishchining rasmiy bandligi ta’minlangan. Vaqtinchalik moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan 49 ta tadbirkorlik sub’ektining faoliyati tiklangan. 191 nafar jismoniy shaxsning o‘zini o‘zi band qilishiga ko‘maklashilgan. Mahalladagi 5 ta bo‘sh turgan ob’ektning ishga tushirilishi natijasida 4 nafar fuqaro ishli bo‘lgan. Shuningdek, 50 nafar tadbirkorning tovar aylanmasi 323,3 million so‘mga oshirilgan. 

Mahallaga biriktirilgan xodimning samaradorlik ko‘rsatkichi mart oyida 94,4 foizni tashkil qilib, unga 50 foizlik ustama belgilangan. Aprel oyi yakuni bilan esa oylik maoshiga 100 foiz ustama berildi. 

Viloyatda samaradorlik ko‘rsatkichining dastlabki natijalariga ko‘ra, 95 va undan yuqori ball olgan 12 nafar xodimga 100 foiz, 90-95 ball to‘plagan 61 nafar xodimga 50 foiz miqdorida oylik maoshiga qo‘shimcha ravishda ustama berildi. 

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri