Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi tizim joriy etilsa pora yoki tanish orqali ishga kirishga butunlay chek qoʻyiladi
08:30 / 2022-01-11

Davlat organlariga ishga kirmoqchi boʻlgan shaxs rahbarning xohishiga qarab ishga qabul qilib kelingan. Chunki ishga kirish talablarini rahbar oʻzi belgilar edi. Bu esa xar xil suiisteʼmolchiliklarni keltirib chiqargani sir emas.

Davlat xizmatini oʻtashda sifatga emas, shaklga eʼtibor qaratilgan. Keraksiz hisobot tizimi ustuvor ahamiyatga ega boʻlib kelgan. Fuqarolar bilan ishlash ikkinchi darajali masalaga aylanib qolgan edi.

Aynan mana shu salbiy illatlarga barham berishga, jamiyatda korrupsiya ildizlarini qirqishga jiddiy harakatlar boshlandi. Davlat organlariga ishga qabul qilish tanlov asosida, shu bilan birga ochiqlik asosida yoʻlga qoʻyilayotgani buning isbotidir.

Davlatimiz rahbarining “Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni loyihasida davlat fuqarolik xizmati tizimini zamonaviy standartlar asosida tashkil etishga eʼtibor qaratilgan.

Xoʻsh, davlat fuqarolik xizmati tizimining zamonaviy standartlari qanday joriy etiladi?

Rivojlangan davlatlar tajribasidan maʼlumki, zamonaviy rivojlangan davlatni zamonaviy fikrlaydigan davlat xizmatchisi qura oladi. Buning uchun davlat xizmati tizimida zamonaviy tartib joriy qilish juda muhim.

Bu borada Taraqqiyot strategiyasi loyihasida quyidagilar ilgari surilmoqda:

Davlat xizmatida korrupsiya omillarini bartaraf etish, kadrlarni tanlov asosida ishga qabul qilish va ular faoliyati samaradorligini baholashning huquqiy asoslarini takomillashtirish;

Davlat xizmatchilari va davlat organlari faoliyatini eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) asosida baholash tizimi boʻyicha “Milliy reyting” tizimini joriy etish;

Davlat xizmatchilarining kasbiy tayyorgarlik, moddiy va ijtimoiy taʼminot darajasini oshirish tizimini takomillashtirish;

Mahalliy hokimlik organlari, vazirlik va idoralarga rahbarlik lavozimlari uchun munosib nomzodlarni tayyorlash maqsadida Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish;

Davlat xizmatiga kirish, oʻtash, zaxirani shakllantirish, baholash va xizmatni oʻtash bilan bogʻliq jarayonlarni raqamlashtirishni
nazarda tutuvchi “Raqamli davlat xizmati” loyihasini amalga oshirish;

Davlat organlarida ish vaqti va mehnat meʼyorlari
boʻyicha talablarni qayta koʻrib chiqish.

Ushbu omillar davlat xizmatini takomillashtirishga xizmat qiladi. Davlat xizmatchisini ishga qabul qilishda subyektivizmdan holi obyektiv tanlov tizimi shakllanadi.

Bizningcha, strategiya loyihasining ushbu qismini yana takomillashtirish maqsadga muvofiq. Bunda quyidagilarga eʼtibor qaratish lozim:

Birinchidan, davlat xizmatini raqamlashtirishda kompleks davlat xizmatini qamrab olish lozim. Bugungi kunda “Raqamli davlat xizmati” asosan davlat xizmatini kirishga tatbiq etiladi. Toʻgʻri, ayrim hollarda davlat xizmatini oʻtashda ham raqamli davlat xizmati mavjud. Lekin, «davlat xizmatiga kirish-oʻtash-chiqish» tizimini butunlay qamrab olmagan. Shu nuqtayi nazardan, kompleks davlat xizmatini oʻz ichiga olgan yagona platforma shakllantirish lozim.

Ikkinchidan, davlat xizmati bilan kadrlar tayyorlash tizimini oʻzaro muvofiqlashtirish kerak. Aksariyat hollarda davlat organlariga ishga kirayotgan oliy taʼlim bitiruvchilarni bilimsizlikda ayblash holatlari koʻp uchramoqda. Lekin, davlat xizmatiga kirish uchun berilayotgan aksariyat savollar mustaqil fikrlashga qaratilmagan. Oliy taʼlim muassasalari esa tanqidiy va mustaqil fikrlashga asoslangan kredit-modul tizimiga oʻtgan. Shu nuqtayi nazardan, davlat xizmatiga kirish uchun berilayotgan savollarni tubdan qayta koʻrib chiqish kerak. Savollar asosan mantiqiy fikrlashga qaratilishi lozim.

Oʻz navbatida, oliy taʼlim muassasalari ham oʻz oʻquv dasturlarini milliy davlat xizmatidagi muammolarni bartaraf etadigan tizimga moslashtirish kerak.

Uchinchidan, davlat xizmatchilarining malaka oshirish tizimini qayta koʻrib chiqish kerak. Bu borada xususiy tashkilotlarni jalb qilish muhim ahamiyatga ega. Malaka oshirishning asosiy mezoni - ehtiyoj boʻlishi kerak. Yaʼni davlat xizmatchisi oʻzida malaka oshirishga ehtiyoj sezsa tegishli soha boʻyicha qayta oʻqishi lozim. Misol uchun, AQSH, Buyuk Britaniya, Gruziya kabi mamlakatlarda ushbu tizim yoʻlga qoʻyilgan.

Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash lozimki, davlat fuqarolik xizmatiga zamonaviy standartlarni joriy qilishda kompleks yondashuv muhim ahamiyatga ega. Bu tizimni shakllantirishda ochiqlik va shaffoflik alohida oʻrin tutishi lozim. Davlat xizmatining barcha bosqichlari unga kiruvchi shaxs uchun ham fuqaro uchun ham ochiq koʻrinib turishi kerak. Bu orqali, avvalo, xalqning davlatga ishonchi ortsa, ikkinchidan, davlat xizmatiga kiruvchi shaxslarda masʼuliyat ortib, oʻz ustida koʻproq ishlaydi.
 

D.Artikov,
TDYUU dotsenti v.b,
yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD)