Eng ulug‘, eng aziz bayram arafasida Nukus shahrida “Bobur Med hospital” ko‘p tarmoqli klinikasi, 11 va 12-sonli oilaviy poliklinikalarning yangi binolari qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda tibbiyot sohasini rivojlantirishga, uni xalqimizga yanada yaqinlashtirish borasida ko‘plab ezgu ishlar olib borilmoqda. Buning yaqqol dalili sifatida tibbiyot muassasalari yangi binolarining foydalanishga topshirilishini keltirish mumkin.

Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan inshootlardan biri Nukus shahridagi “Bobur Med hospital” ko‘p tarmoqli klinikasi hisoblanadi. Ta’kidlash joizki, ushbu klinika Qoraqalpog‘istonda birinchilardan bo‘lib ish boshlagan xususiy tug‘ruqxona hisoblanadi. Bu yerda onalar va bolalar uchun barcha qulay sharoitlar yaratilgan.
Nukus shahridagi “Chimboy guzari”, “Qutli makon”, “Yashil bog‘” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida yashovchi 20 ming nafardan ortiq aholining salomatligini mustahkamlash maqsadida bundan 3 yil oldin konteyner tipidagi tibbiyot punkti ishga tushirilgan edi. Endilikda ushbu hudud aholisiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatadigan 11-sonli oilaviy poliklinika foydalanishga topshirilmoqda. Umumiy qiymati 5 milliard so‘m bo‘lgan ushbu zamonaviy inshootni o‘z vaqtida qurib bitkazishda “Gentiklash qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilarining mehnati katta bo‘ldi. Mamlakatimiz mustaqilligining 34 yillik bayrami arafasida ishga tushirilayotgan mazkur oilaviy poliklinikada 23 ming nafardan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatish uchun yetarli sharoitlar yaratilgan.

Nukus shahridagi 12-sonli oilaviy poliklinika jamoasi “Yangi bozor”, “Nurli bo‘ston”, “Qo‘s ko‘l”, “Yangi zamon” mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi 19 ming 528 nafar aholiga xizmat ko‘rsatadi. Avvallari ushbu hududlar aholisiga tibbiy xizmat 2-sonli oilaviy poliklinika tomonidan amalga oshirib kelingan bo‘lsa, bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tibbiy xizmatni aholiga yaqinlashtirish vazifasi ijrosini ta’minlash doirasida hukumatimiz tomonidan yangi oilaviy poliklinika binosi uchun 7,6 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Barcha sharoitlarga ega yangi oilaviy poliklinika binosi “Amudaryo maxsus qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan sifatli bitkazildi.
Yangi tibbiyot muassasalarining foydalanishga topshirilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlarda so‘zga chiqqanlar Orolbo‘yi aholisining salomatligini mustahkamlash, aholining yashash sharoitini yanada yaxshilashga qaratayotgan alohida e’tibori uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirishdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.