Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash tizimida aholiga tez tibbiy yordam sifatini yuqori darajaga ko‘tarish maqsadida uch dona zamonaviy tez tibbiy yordam avtomobillari olib kelindi.
Mazkur avtomobillarni xizmat nuqtalariga va haydovchilarga topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbir tashkil etildi.
– “Volkswagen Caddy” rusumli so‘nggi avlod tez tibbiy yordam mashinalari hisoblanadi, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Elyor Oltiyev. – Davlat rahbarining tashabbusi bilan tizimda eskirgan avtotransport vositalarini bosqichma-bosqich zamonaviylariga almashtirish ishlari olib borilmoqda. “Volkswagen Caddy” yuqori texnik ko‘rsatkichga egaligi, harakatlanish qobiliyati yuqoriligi va ixchamligi bilan ajralib turadi.

Viloyat bo‘yicha yiliga 614 mingdan ortiq chaqiriqlarga xizmat ko‘rsatilmoqda. E’tiborli jihati, chaqiriqlarning soni oshganligi bilan bemorlarni gospitalizatsiya qilish ko‘rsatkichi kamaygan. Bu ko‘rsatkichlar tez tibbiy yordam xizmatining sifati oshganligi bilan bir qatorda, aholining tez yordamga bo‘lgan ishonchi oshganini bilish mumkin.

Bugun tez tibbiy yordam uchun topshirilayotgan avtomobillar aholiga ko‘rsatilayotgan tez yordam xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz. Bu mashinalar eskirgan mashinalarga nisbatan bir qator qulayliklarga ega.
Tadbirda tez tibbiy yordam tizimida uzoq yillar mehnat qilib nafaqaga chiqayotgan xodimlarga ham esdalik sovg‘alar topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri