Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi texnologiyalardan foydalaniladi
17:04 / 2024-02-02

Yildan -yilga suv zaxiralari kamayib bormoqda. O‘z navbatida esa, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish hajmi esa ortmoqda. Shu bois mavjud suv zaxiralaridan oqilona foydalanish maqsadida kanal va ichki ariqlarni betonlashtirish ishlariga keng hajmda start berildi.

Qashqadaryo viloyatida 2024 yil suv xo‘jaligida “Kanallarni betonlashtirish bo‘yicha zarbdor yil” deb e’lon qilindi. 

Ta’kidlash lozimki, suv yo‘qotishlarini kamaytirish, buning uchun kanallarni betonlashtirish, kompozit va boshqa turdagi yangi materiallardan foydalanish, innovatsiyalarni qo‘llash bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriq viloyat rahbarlarining diqqat markazida bo‘lib turibdi. 

Kuni kecha viloyat hokimi Murotjon Azimov irrigatsiya tarmoqlarini betonlashtirish va ta’mirlashda yangi turdagi mahsulot bo‘lgan geosintetik betonli kompozit materiallardan foydalanishni taklif etayotgan Buyuk Britaniyaning “United Concrete Canvas” kompaniyasi hammuassisi Ien Vudkok bilan uchrashdi. 

Kompaniya mahsuloti suv o‘tkazmaydigan LLDPE membrana, ultrabinafsha nurlariga chidamli tashqi sirt, yuqori zichlikdagi chokli kompozit material, yengil va mustahkam beton qorishmadan foydalanilgan bo‘lib, uni ariq hamda kanallarga o‘rnatish ham ko‘p vaqt talab etmaydi. 

Tomonlar muloqot davomida ushbu loyihani vohada amalga oshirish uchun avval tayyor mahsulotdan foydalanish va tez orada ishlab chiqarishni ham shu yerda amalga oshirish bo‘yicha kengaytirilgan muzokaralarni o‘tkazishga kelishib oldi. 

Ma’lumot o‘rnida: viloyatda suv xo‘jaligi tashkilotlari hisobidagi mavjud 2 ming 476 kilometr uzunlikdagi 256 ta magistral va xo‘jaliklararo kanallar bo‘lib, ushbu kanallarning 1 ming 502 kilometr qismi betonlashtirilgan. 

Klaster va fermerlar hisobida 20,4 ming kilometr ichki sug‘orish tarmoqlari bo‘lib, shundan 6,2 ming kilometri lotok, 2,2 ming kilometri beton qoplamali, 864 kilometri yopiq tarmoqlar va 11,1 ming kilometri (54 foiz) qismi tuproq o‘zanli suv yo‘llari hisoblanadi. 

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri