Bugun hayotimizni raqamli texnologiyalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Kundalik xizmatlardan tortib, ish jarayonlarigacha sun’iy intellekt tobora ko‘proq kirib kelmoqda. Ana shu jarayonda mahalliy kompaniyalarning zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishi va hamkorlikni kuchaytirishi ayni muddao.
Shu maqsadda Unicon-soft kompaniyasi hamda Sun’iy intellekt alyansi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida 2026 yilga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan hamkorlik yo‘nalishlari belgilandi. Xususan, tomonlar quyidagi xakatonlar va innovatsion tanlovlar orqali yoshlar va startaplar uchun imkoniyatlar yaratish, yangi g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash, R&D yo‘nalishida qo‘shma loyihalar doirasida sun’iy intellekt asosidagi yechimlarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish, davlat va xususiy sektor uchun AI yechimlarini ishlab chiqish, pilot loyihalarni yo‘lga qo‘yish hamda raqamli xizmatlar sifatini oshirish, kadrlar tayyorlash — treninglar, seminarlar va amaliy mashg‘ulotlar orqali mutaxassislar salohiyatini oshirish sohalarda yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.

Ushbu hamkorlik mamlakatimizda sun’iy intellekt sohasini rivojlantirish, raqamli iqtisodiyotni mustahkamlash hamda yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Nigora Rahmonova,
O‘zA