Toshkent davlat texnik universitetida 21-22 dekabr kunlari “Yangi texnologiyalar – O‘zbekiston energetikasi taraqqiyotining asosi” mavzusida respublika ilmiy-texnik anjumani o‘tkazildi.
Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 fevraldagi 56-F sonli farmoyishi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 13 fevraldagi «Vazirlik tizimidagi oliy ta’lim va ilmiy-tadqikot muassasalarida 2020 yilda o‘tkaziladigan ilmiy va ilmiy-texnik anjumanlar rejasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 116-sonli buyrug‘iga asosan tashkil etildi.
Anjuman ishida Toshkent davlat texnika universiteti, Energetika vazirligi tizimidagi korxonalar, Farg‘ona politexnika instituti, Navoyi davlat konchilik instituti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti va Toshkent davlat texnika universitetining Termiz, Olmaliq, Qo‘qon filiali professor-o‘qituvchilari, doktorant va mustaqil izlanuvchilari, magistr va talabalar onlayn tarzda ZOOM ilovasi yordamida ishtirok etdi.
Bu yilgi anjuman O‘zbekiston Respublikasining Faxriy energetigi, elektr mashinalari va elektr yuritmalari sohasidagi dunyo tan olgan olim marxum Xurshid Karimov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan o‘tkazildi.
Anjumanning maqsadi elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash hamda undan oqilona foydalanish borasida mavjud muammolar va ularni bartaraf etish borasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar va olingan natijalar hamda elektr energetikasi sohasi uchun kadrlar tayyorlash masalasi bo‘yicha tajriba almashishdan iborat bo‘lib, unda energetikaning joriy holati va istiqbollari, energosamaradorlik, energetika raqamli texnologiyalarning qo‘llanilishi, energiya va resurs tejash, issiqlik energetikasi, elektr energetikasi va suv-energetika muammolari; atom energetikasi; muqobil va qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energetikaning ekologik muammolari yo‘nalishlarida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari muhokama qilindi.
Anjumanning bu yilgi ishtirokchilari soni 150 nafarni tashkil etgan bo‘lib, ularning 10 nafardar ortig‘i MDH davlatlari va horijiy mamlakatlar ishtirokchilarini qamrab oldi. Jumladan, Germaniya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston davlatlaridan sohaning yetakchi olimlari ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.