Ayni kunlarda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyatida amalga oshirilayotgan investitsion loyiha tufayli yiliga 9 198 ming kVt /soat elektr energiyasi va 10 284,7 ming metr kub hajmda tabiiy gaz iqtisodiga erishiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 30 sentyabrdagi “Olmaliq KMK" AJ ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va rekonstruksiya bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Mis boyitish fabrikasida keng qamrovli rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.
Mis boyitish fabrikasidagi amalda bo‘lgan suvsizlantirish texnologiyasi o‘zida boyitish materiallari (mis konsentrati)ni quyuqlashtirish, filtrlash va quritish ishlarini bajaradi. Mis konsentratini P-30 quyuqlashtirish uskunasida quyuqlashtirish jarayonlaridan so‘ng, mis konsentratini kvars tarkibli rudalar (flyusrudalar) va mis klinkeri bilan aralashtirish shixta tayyorlash davomida olib borilib, Mis eritish zavodida pirometallurgik qayta ishlanishidan so‘ng mis katodi olinadi.
Konsentratlarni suvsizlantirishning eng samarali usuli ularni filtr-presslarda majburiy filtrlash hisoblanib, bu usul mis konsentratini quritish operatsiyalariga barham beradi.
Shu sababli, kombinat tomonidan mis-molibden konsentratlarini saralash va quritish sexining filtrlash-quritish bo‘limini rekonstruksiya qilishga qaror qilindi.
Unga ko‘ra, 13 dona DOO 63x2,5 vakkum-filtrni qattiqligi bo‘yicha ish quvvati 130 tonna/soatni tashkil qiladigan gorizontal filtrlovchi yuzali press-filtrga almashtirish, avval o‘rnatilgan 38 ta uskunani jarayonlardan chiqarish, quritish operatsiyalaridan voz kechish va bunga muvofiq holda tabiiy gazdan foydalanishga barham berish kabi ishlarni amalga oshirish belgilangan.
Joriy etilayotgan texnologiyaning samaradorligini baholaydigan bo‘lsak, yiliga 9 198 ming kVt /soat elektr energiyasi va 10 284,7 ming metr kub hajmda tabiiy gaz iqtisodiga erishiladi. Ahamiyatlisi, ushbu texnologiya tabiiy gaz yoqilishiga ham barham beradi.
Kombinat mutaxassislari tomonidan MBFdagi filtrlash-quritish uchastkasidagi asosiy texnologik uskunalarni almashtirish bo‘yicha texnik yechim va qarorlar takomillashtirildi. Press-filtrlar ishlab chiqaruvchi yirik yetakchi korxonalarning taklif va modellari taqqoslandi.
Hozir bu yerda texnologiyani joriy etish yuzasidan qurilish-montaj va ishga tushirish ishlari yakunlanmoqda. Yevropaning “OUTOTEC” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 3 dona “Larox PF60 132/140” press-filtrining filtrlash yuzasi 132 kvadrat metr bo‘lib, soatiga 130 tonna shixtani suvsizlantiradi.
Ahamiyatli jihati shuki, Mis boyitish fabrikasida mazkur press-filtrlarning ishga tushirilishi ishlab chiqarish sifati va samaradorligini oshirishga katta imkoniyat yaratadi.
Nasiba Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA