Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
YANGI TEXNOLOGIYA: kelajagingizni bugundan yarating!
16:40 / 2020-08-12

Chunki pensiya olish uchun mehnat staji talab etiladi.


Oramizda mehnat shartnomasi, doimiy ish haqiga ega boʻlmasa ham u yoki bu mehnat bilan shugʻullanib, daromad topadiganlar koʻpchilikni tashkil etadi. Tikuvchi, etikdoʻz, zargar, novvoy, duradgor, sartaroshlar bunga yaqqol misol. Yoki internet orqali dizaynerlik, tarjimonlik, dasturlash, reklama, repetitorlik kabi xizmatlarni koʻrsatayotganlar ham talaygina.

Agar vaqtinchalik mehnat guvohnomasiga ega boʻlmasa, yaqingacha ularning faoliyati hech qayerda qayd etilgan emas edi. Bu bugun ahamiyatli boʻlmasligi mumkin, biroq ertaga muammo boʻlishi aniq. Chunki pensiya olish uchun mehnat staji talab etiladi. Ammo u boʻlmasa-chi? Mana, muammo nimada.

2020-yil 1-iyuldan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni roʻyxatga olish ham, hisobini yuritish ham bir muncha soddalashtirildi. Bu haqda “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi mutaxassisi Navroʻzbek AHMEDOV quyidagilarni soʻzlab berdi.

– Yangi tartibga koʻra, oʻzini oʻzini band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtganlar mehnat stajiga ega boʻladi va kelgusida ularga pensiya hisoblanadi. Tabiiyki, bu yaxshi imkoniyat va har tomonlama qulaylik. Shu bois oʻzini oʻzi band qilgan yurtdoshlarimizda qiziqish va intilish ham shunga yarasha tobora ortib bormoqda.

Roʻyxatdan oʻtganlarning umumiy soni boʻyicha hududlar kesimida Samarqand viloyati yetakchilik qilmoqda. Viloyatdagi koʻrsatkich joriy yil 12-avgust holatiga koʻra, 34 ming 621 nafarni tashkil etyapti.

26 ming 16 nafar oʻzini oʻzi band qilgan fuqaro esa Namangan viloyati hissasiga toʻgʻri keladi. Bu raqam peshqadamlikning ikkinchi pogʻonasini zabt etib turibdi. Keyingi oʻrinlarda Toshkent shahri 25 ming 452 nafar, Buxoro viloyati 22 ming 174 nafar, Fargʻona viloyati 20 ming 414 nafar koʻrsatkich bilan faollik koʻrsatmoqda.

Umuman, ayni vaqtga qadar oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtganlarning umumiy soni 241 ming 137 nafarga yetdi.

Aytish joiz, oʻzini oʻzi band qilishning afzalliklari koʻp. Masalan, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlari jismoniy shaxslar jami daromadlari tarkibiga kiritilmaydi. Bir yilda bir marta ijtimoiy soliq toʻlash kifoya. Bu 2020-yil uchun eng kamida 111 ming 500 soʻmni tashkil etadi.

Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun nazarda tutilgan faoliyat turlari bilan shugʻullanuvchi, ishtirokchilari soni kamida uch nafar boʻlgan oilaviy korxonalar aylanmadan soliqni belgilangan miqdordan 50 foizga kamaytirilgan stavkada toʻlaydi.

Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs maqomiga ega boʻlish uchun soliq organiga borish shart emas. SOLIQ mobil ilovasi orqali yoki my.soliq.uz portalida roʻyxatdan oʻtish yetarli.