Qarshi shahridagi markaziy ko‘chalarga keng ko‘lamli asfalt yotqizish ishlari olib borilayotgani haqida xabar bergan edik.
Ayni paytda asfalt yotqizib bo‘lingan yo‘llarga yotiq yo‘l chiziqlari chizilmoqda va bunda innovatsion texnologiyalardan foydalanilmoqda.


Xususan, “O‘zavtoyo‘lbelgi” DUK bilan hamkorlikda Qarshi shahridagi Islom Karimov ko‘chasining 0- 8 kilometr qismida, ya’ni Qarshi temir yo‘l vokzalidan Qashqadaryo sohiliga qadar bo‘lgan masofada zamonaviy xorij tajribasiga binoan avtomobil yo‘lidagi qatnovni yanada qulaylashtirishga yordam beruvchi sovuq bosimli plastik asosga ega yo‘l yotiq chiziqlari chizilmoqda.

Ahamiyatli tomoni shundaki, oddiy yo‘l yotiq chiziqlari 6 oy, sovuq bosimli plastik yo‘l yotiq chiziqlari esa 2 yil muddat davomida harakat xavfsizligini ta’minlanishga xizmat qiladi. Bu esa samaradorlik 4 karra yuqoriligiga ishora. Shu bilan birga, tungi harakatlanish chog‘ida yangi yo‘l yotiq chiziqlarining o‘zidan nur qaytara olish va tovush chiqarish xususiyatiga egaligi ham xavfsiz yo‘l tamoyillariga to‘laqonli mos keladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri