2025-yilda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish” investitsiyaviy loyihasi doirasida Texnologik transport boshqarmasi parkiga 5 dona eng zamonaviy “HITACHI EH4000AC-3” karer avtosamosvallari olib kelingan edi.
Ayni kunlarda ushbu zamonaviy gigant avtosamosvallarning navbatdagi partiyasi Texnologik transport boshqarmasida yig‘ilmoqda. Xususan, 2 dona ushbu kon texnika transport vositasi qismlarga bo‘lingan holda keltirilgan bo‘lib, kombinat mutaxassislari va "HITACHI" kompaniyasi vakillari tomonidan belgilangan muddatlarda yig‘ilishi rejalashtirilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu zamonaviy avtosamosvallar O‘zbekistonda ilk bor “Yoshlik I” konida ishlatildi. Ushbu avtogigantlar ishlab chiqarishda belgilangan vazifalar va ko‘rsatkichlarni bajarishda, ma’dan tashish ishlarining samarali amalga oshirilishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Yaponiya texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan ushbu zamonaviy avtotransport vositasi 221 tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega bo‘lib, boshqaruv kabinasida haydovchi uchun barcha sharoit va qulaylik yaratilgan. Boshqaruv tizimi zamon talablariga asosan to‘liq elektron tarzda avtomatlashtirilgan bo‘lib, haydovchiga mashinani ortiqcha noqulayliklarsiz oson va yengil boshqarish imkonini beradi. Transport vositasiga og‘ir yuk ko‘tarish va tashish qobiliyatini oshirishda hamda qo‘shimcha afzalliklarni ta’minlaydigan yanada kuchli “Cummins” ichki yonuv dvigateli o‘rnatilgan. Boshqa turdagi texnikalarga nisbatan mustahkam va kuchli tayanchlari-ramalari bilan alohida ajralib turadi.

Haydovchi boshqaruv vaqtida yon-atrofni ko‘rish uchun 360 gradus radiusda kuzatish imkoniyatiga ega zamonaviy video kuzatuv kameralari bilan jihozlangan. Tortish tizimlari zamonaviy generator va elektr tortuv dvigatellari bilan jihozlangan bo‘lib, ushbu avtogigantning ishlashini sezilarli darajada osonlashtiradi va uning samaradorligini ta’minlaydi. Avtosamosvalda texnologik tashish jarayonida sirpanish yoki sirpanishning oldini olish, bo‘ylama tekislikdagi tebranishlarni kamaytirish, yon siljishning oldini olish, elektrodinamik to‘xtash tormozlash tizimi, avtomatik tezlikni boshqarish, hatto yuqoridan pastga harakatlanayotganda ham oldindan o‘rnatilgan tezlik oralig‘ini saqlash imkoniyatlari mavjud.
Shuningdek, avtotransport vositasida boshqa shu turdagilarda bo‘lmagan maxsus xavfsizlik tizimi o‘rnatilgan. Bu tizim haydovchilarga xavf haqida signal beradi, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan halokatning oldi olinadi. Yon tomonida esa 2 ta monitor o‘rnatilgan bo‘lib, monitorlar orqali transport vositasiga qancha yuk ortilgani kuzatib turiladi. Bu esa samosvalga oshiqcha yoki kam yuk yuklanmasligining oldini oladi.
Mazkur kompaniya mutaxassislari tomonidan ushbu gigantlarni boshqarish va to‘g‘ri ekspluatatsiya qilish bo‘yicha Texnologik transport boshqarmasining 137 nafar haydovchi xodimi uchun maxsus professional o‘quv kurslari ham tashkil etildi.

Hozir “Yoshlik I” konida 5 dona “HITACHI EH4000AC-3” karer avtosamosvallari ishlamoqda. Kelgusida yana shunday gigantlardan 3 dona olib kelinishi kutilyapti.
Bundan tashqari, bugungi kunda tog‘ jinslarini tashishda “Yoshlik I” konida 2017-2020-yillarda 54 dona yuk ko‘tarish quvvati 130 tonna va 29 dona yuk ko‘tarish quvvati 220 tonnaga ega “ByelAZ” rusumli karer avtosamosvallari olib kelindi va foydalanilmoqda.
Shu bilan birga, 2024-yil mahalliylashtirish loyihasi asosida hamkorlikda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 5 dona “NMT-240” rusumli yuk ko‘tarish quvvati 236 tonnaga ega bo‘lgan gigantlar olib kelinib, hozir ular ham konda tog‘ jinslarini tashimoqda.
A. Musayev, O‘zA