Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi terminal yangicha dizaynda barpo etilmoqda
17:38 / 2021-05-12

Zamonaviy inshootlar

Shu kunlarda Samarqand xalqaro aeroportidagi qurilish ishlari jadal olib borilmoqda. Bu yerda aeroportning yangi terminali barpo etilmoqda.

Undagi qurilish jarayoni bilan tanishish chog‘ida uch qavatli inshootning tashqi ko‘rinishi ochilgan kitob ko‘rinishda bunyod etilayotgani har qanday kishini hayratlantirmay qolmaydi. Bu yerdagi uskunalar kitob varaqlari misoli o‘rnatilmoqda.

“Air Marakanda” kompaniyasi direktor o‘rinbosari Artyom Pakning ma’lumot berishicha, qurilayotgan terminal dizayni dunyoda yagonaligi bilan ajralib turadi.

Shu o‘rinda, Samarqand xalqaro aeroporti terminalining loyihasi haqida alohida to‘xtalib o‘tish lozim. Loyiha g‘oyasi XIV asrdagi Movarounnahrning buyuk hukmdori, shoir, astronom va matematik Mirzo Ulug‘bekning ilmiy asarlariga borib taqaladi. Uning “Ziji jadidi Kuragoniy” ilmiy asarida astronomiyaning nazariy asoslari va mingdan ortiq yulduzning koordinatlari aks ettirilgan.

– Shunga muvofiq, aeroport terminali yulduzlar turkumi aks ettirilgan ochiq kitob ko‘rinishida barpo etilmoqda, – dedi A.Pak. – Loyihachilarimiz bu dizaynni yaratishda buyuk astronom Mirzo Ulug‘bek merosidan ilhom oldi. Chunki o‘zbek olimi qoldirgan ilmiy manbalar dunyo astronomiya fani rivojida muhim o‘rin egallaydi. O‘zbekistonning «Primetime Group» va Turkiyaning «Kiklop» kompaniyalari vakillari tomonidan yaratilgan ushbu loyiha shu zamin mutafakkiriga bo‘lgan cheksiz hurmat, deyish mumkin. Loyiha bo‘yicha ochilgan kitob varaqlarida yulduzlar porlab turishi gavdalantirilgan. Bu yerda qurilish yakunlangach, ushbu bino ustida yulduzlar charaqlab turishini kuzatish mumkin. «Samarqand» xalqaro aeroportining yangi terminalini qurish “ICAO” va “IATA” xalqaro talablariga muvofiq amalga oshirilmoqda. Yangi yo‘lovchi terminalining maydoni 40,7 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Aeroport oldidagi hudud 2,29 gektar, mashinalar turar joyi hududi 1,8 gektar maydonni egallaydi. O‘ziga xos yangi infratuzilmani mujassam etgan ushbu terminalning birinchi qavatida 28 ro‘yxatdan o‘tish punkti, 6 qo‘nish yo‘lagiga chiqish hududi (GATE), shu jumladan, 2 ta teletrap, 20 ta pasport nazorati xonasi joylashadi. Ikkinchi va uchinchi qavatlar esa yo‘lovchilarning hordiq chiqarishi uchun mo‘ljallangan. Shuningdek, 24 ta samolyot to‘xtash joyi, jumladan, 2 ta “havo kemalari”ga muzlashga qarshi ishlov berish uchun maxsus joy, 3 ta yuk lentasi hamda 3 ming 200 kvadrat metr maydonga ega tijorat hududi mavjud bo‘ladi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, mazkur ulkan bunyodkorlik ishlari bilan tanishuv chog‘ida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019 yili viloyatga tashrifi chog‘ida ushbu aeroportni modernizatsiya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Davlat rahbari joriy yil 15 aprel kuni Samarqandga tashrifi chog‘ida ham ushbu inshoot qurilishi bilan yana bir bor tanishib, zarur topshiriqlar berdi.

Ana shu talab va taklif asnosida qurilishi qizg‘in olib borilayotgan Samarqand xalqaro aeroport terminali bosh pudratchi “Enter Engineering” kompaniyasi, shuningdek, O‘zbekistonning «Primetime Group» va Turkiyaning «Kiklop» kompaniyalari tomonidan loyihalashtirilmoqda.

[gallery-2394]

Aslida bugungi kun terminali qanday bo‘lish kerak? Samarqand xalqaro aeroporti terminali yo‘lovchilarga qaysi zamonaviy xizmatlari bilan ajralib turadi?

Samarqand xalqaro aeroport terminali ushbu talablarga to‘liq javob bera oladi. Birinchidan, uning qurilishdagi zamonaviy barcha qulayliklarning mavjudligi bo‘lsa, ikkinchidan, unda mamlakatimiz uchun noyob bo‘lgan ORAT dasturining tatbiq etilayotganidadir.

ORAT dasturini joriy qilishda “Air marakanda” kompaniyasi Myunxen xalqaro aeroporti (Germaniya) va Istanbul xalqaro aeroporti (Turkiya) mutaxassislari bilan hamkorlikda ushbu dasturni (Operational Readiness, Activation and Transition) ekspluatatsion tayyorgarlik, ishga tushirish va operatsion faoliyatni yangi infratuzilmaga o‘tkazish metodologiyasi dasturini amalga oshirish ustida ish olib bormoqda. Bu dastur aeroportni ishga tushirishda katta miqdordagi turli xil texnologik va biznes jarayonlarining murakkab tarmoqlarini tizimlashtirish va sinxronlashtirish imkonini beradi.

O‘z navbatida, “Lufthansa”, “KPMG” va “Freshfields Bruckhaus Deringer” kabi kompaniyalar tomonidan yangi aeroport faoliyatini boshqarishning moliyaviy va huquqiy jihatlari ko‘rib chiqilmoqda. Myunxen va Istanbul aeroportlari ekspertlari va mutaxassislarining fikriga ko‘ra, ushbu tizim aeroportlarni boshqarish sohasida ilg‘or texnologiyalarni joriy etishni ta’minlaydi, aviakompaniyalar, yo‘lovchilar va respublika aholisining ehtiyojlariga xizmat qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, Samarqand xalqaro aeroportini yirik transport va sayyohlik xabiga aylantirishda bunday yangiliklar o‘rni beqiyosdir.

Ayni kunlarda germaniyalik mutaxassislar bilan birgalikda marshrutlar tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha o‘quv dasturi (Route development) yo‘lga qo‘yildi.

– Germaniyaning Myunxen aeroportida faoliyat ko‘rsataman, – dedi Kirian Eke. – O‘zbekistonga kelishdan maqsad, Orat dasturini shu aeroportda tatbiq etishdir. Orat dasturi eski terminaldan yangi terminalga ko‘chib o‘tish, degani. Yangi terminal qurish, bu faqat bino emas, uning ichida barcha xodimlar o‘rgatib, barcha yangi sistemani kiritgandan keyin o‘qish o‘tkazish va tushuntirishdir. Orat dasturi ko‘p aeroportlarda ishlatilgan. Janubiy Amerika, Rossiya, Hindiston, Nyu-York aeroportlarida bu dastur kiritilgan. Orat dasturi 1992 yildan buyon tashkil etilgan va yangi qurilayotgan aeroportlarda kiritiladi. Ochig‘i, yurtingizda ishlash juda yoqayapti. Men O‘zbekiston xalqining issiq mehrini, mehmondo‘stligini kutmagandim.

Hozir inshoot qurilishidagi barcha ishlar sifatli bajarilmoqda. Bunda ishchi-mutaxassis va xorijlik mutaxassislarning xizmati beqiyos. Loyiha rejasi bo‘yicha inshoot joriy yilning birinchi sentyabrida yakunlanishi ko‘zda tutilgan.

– Bu yerda energetika sohasi bo‘yicha 60 foiz ishlar amalga oshirilmoqda. Keyingi bosqichda esa dizel generator va transformator quvvatlari montaj qilinadi va sentyabr oyida yakunlanadi. Uskunalarning barchasi zamonaviy va energiyasamarador. Ular ishga tushirilgach, sifatli va kam quvvat bilan ishlay boshlaydi, – dedi ushbu loyiha bosh energetigi Jahongir Boliyev.

 

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA