English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan maktablarga pedagog-kadrlar saralab olinmoqda
16:58 / 2022-06-08

Ta’lim sifati o‘qituvchining bilimi, tajribasi va salohiyatiga bog‘liqdir. Iqtidorli bolalarga ta’lim-tarbiya berish uchun o‘qituvchining o‘zi yuksak bilimli bo‘lmog‘i talab etilmoqda. 2022 yil 14 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Mazkur farmon asosida 193 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida tashkil etiladi. Shundan 168 tasi 2022/2023 o‘quv yilida o‘z faoliyatini boshlamoqda. Ularga qariyb 70 ming nafar o‘quvchi qamrab olinishi kutilmoqda. Bu esa pedagoglarning bilim va saviyasi yuksak darajada bo‘lmog‘i kerakligini anglatadi. 

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Prezident ta’lim muassasalari agentligi tomonidan ushbu maktablarga pedagog-kadrlarni saralab olish jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Matbuot anjumanida yangi tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan maktablarga pedagog-kadrdar qabuli borasida batafsil ma’lumot berildi. 

Ma’lumot uchun aytish kerakki, Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida yangi tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan maktablarga pedagog-kadrlarni saralab olish maqsadida agentlik tomonidan tanlov e’lon qilindi. 

O‘qituvchilar uch bosqichli saralash asosida (hujjatlar qabuli, test va suhbat) ishga qabul qilinadi. 1-bosqich – hujjatlar qabuli joriy yilning  20 aprelidan 20 mayga qadar job.piima.uz sayti orqali onlayn amalga oshirilgan bo‘lib, jami qabul qilingan hujjatlar soni 32 ming 476 tani tashkil etadi. 

Tanlovning ikkinchi bosqichi, ya’ni test imtihonlari joriy yilning 11 iyun sanasidan boshlanishi rejalashtirilgan. Unda har bir nomzodga o‘zi tanlagan fan doirasida test savollar beriladi. Ikkinchi bosqichga o‘tgan o‘qituvchilarning telefon raqamiga hamda elektron pochta manziliga imtihon o‘tadigan sana, manzil va vaqti haqidagi ma’lumotlar havolasi yuboriladi. 

Imtihonlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining  test.tdi.uz sayti orqali belgilangan ta’lim muassasasida onlayn bo‘lib o‘tadi. 

Tanlov natijalariga ko‘ra, 7 ming nafarga yaqin pedagog-kadrlarning yangi tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan maktablarga ishga qabul qilinishi rejalashtirilmoqda. 

Ayni paytda Prezident ta’lim muassasalari agentligining hududiy bo‘limlari tashkil etilgan bo‘lib, ular yangi tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi. 

Tanlovning 2-bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan pedagog-kadrlarning mahoratini oshirish maqsadida hududlarda seminar-treninglar olib boriladi. Hududlarda ushbu jarayonlar uchun trenerlar tayyorlanmoqda. 

Seminar-treninglar Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi mutaxassislari tomonidan tashkil etilgan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad yangi tashkil etilayotgan maktablarga XXI asr talablariga javob beruvchi hamda STEAM fanlarni o‘qitish metodikasi bo‘yicha o‘qituvchilarga amaliy yordam ko‘rsatishdan iboratdir. 

Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlari savollarga batafsil javob qaytarildi. 

N.Usmonova, O‘zA