2026 yil — “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” da yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, avvalo, inson manfaati, mahalla taraqqiyoti va aholi farovonligini ta’minlashga qaratilmoqda. Shu ma’noda, Jizzax viloyatining Baxmal tumanida kuzatilayotgan yangi tashabbuslar yil dasturining amaliy ifodasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Xitoy Xalq Respublikasining “Xinjiang Huaxing Invest Group” kompaniyasi, shuningdek, Chin o‘lkasining qator yetakchi kompaniyalari va ilmiy muassasalar vakillarining Baxmal tumaniga tashrifi mahallani kompleks rivojlantirish, uni zamonaviy agrosanoat va turizm hududiga aylantirishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.

Tashrif davomida Baxmal tumanini yuqori qo‘shilgan qiymat yaratuvchi, eksportga yo‘naltirilgan agrosanoat va turizm markaziga aylantirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Asosiy e’tibor xorijiy investitsiyalarni jalb etish orqali mahallada ishlab chiqarishni kengaytirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish va eng muhimi — aholi bandligini ta’minlash masalalariga qaratildi.

Muzokaralar natijasida qator aniq loyihalar belgilab olindi. Jumladan, 1000 gektar yer maydonida zamonaviy kartoshkachilik klasteri tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu loyiha urug‘chilik va seleksiya ishlaridan tortib, tomchilatib sug‘orish, mexanizatsiya, mahsulotni saqlash va chuqur qayta ishlashgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish zanjirini qamrab oladi. Natijada mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratilib, qishloq aholisining daromad manbalari kengayadi.

2026 yilda mahallalarni rivojlantirish ustuvor vazifa etib belgilangani Baxmal tumanida turizm sohasida ham o‘z ifodasini topmoqda. Muzbuloq mahallasidagi Boyqo‘ng‘irsoy hududida turizm klasterini rivojlantirish, zamonaviy master-reja asosida infratuzilmani yaxshilash rejalashtirilgan. Bu esa nafaqat sayyohlar oqimini oshiradi, balki xizmat ko‘rsatish sohasida yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligida ilmiy-innovatsiyalarni joriy etish, texnologiyalar transferi va malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ilmiy muassasalar ishtirokida amalga oshiriladigan bu ishlar mahalliy yoshlarni zamonaviy bilim va kasblarga ega qilish, ularning o‘z mahallasida munosib mehnat qilishi uchun sharoit yaratishga xizmat qiladi.
Muxtasar qilib aytganda, xitoylik hamkorlar bilan yo‘lga qo‘yilayotgan ushbu loyihalar 2026 yil — “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” g‘oyalariga to‘la mos keladi. Ular Baxmal tumanini iqtisodiy jihatdan rivojlantirish barobarida inson qadrini ulug‘lash, aholi farovonligini oshirish va mahallaning yangi qiyofasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri