Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi taqdim etilgan darsliklar avvalgilaridan nimasi bilan farq qiladi?
11:52 / 2023-11-17

Maktablardagi sifatli ta’lim ko‘p jihatdan yaratilayotgan darsliklarga bog‘liq. Ayniqsa matematika fani faqatgina misol va masalalarga asoslangan fan emas. Bu fan o‘quvchini mantiqiy fikrlab, mulohaza yuritib, aniq qaror qabul qilishga undaydi.

Soha vakillarining so‘zlariga ko‘ra, matematika fanidan davlat ta’lim standartlarida nazarda tutilgan ko‘nikmalar va o‘quv dasturiga singdirilgan mavzular  mazkur fan uchun nashr etilgan yangi avlod darsliklarida  aks etgan.  

Xususan, 6-sinf o‘quvchilari uchun taqdim etilgan   “Matematika” darsligida musbat va manfiy sonlar tushunchasi banklarning mobil ilovasidagi plastik kartadagi mablag‘larni nazorat qilish mexanizmiga ega “Monitoring”  oynasi orqali o‘rgatiladi. Bundan tashqari, darslikda loyiha ishi orqali bankdan avtokredit olish jarayoni anchagina tushunarli bayon etilgan. Qo‘shimcha ravishda internet manzillar ham berilgan bo‘lib, bular orqali o‘quvchi bank taklif qilayotgan tarif va xizmatlardan qulayini ajrata olish ko‘nikmasini egallaydi. Bu kabi misollar orqali o‘quvchilar matematika faqat tenglama yoki misol va masalalardan iborat emasligini, matematik bilim faqatgina masalalarni tez hisoblash emas, balki mohiyatni anglagan holda, masala va misollarni mushohada qilib, hayot bilan bog‘lab bajarish muhim ekanligini anglab yetadi.  

Respublika ta’lim markazi hamda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi “Matematika fani bo‘yicha Ilmiy metodik kengash”  o‘rtasida tashkil etilgan yig‘ilishda kengashning  5-6 sinf matematika fani o‘quv dasturi muhokama etildi.  

Ma’lumki, “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”da o‘qitish metodikasini takomillashtirish, ta’lim-tarbiya jarayoniga individuallashtirish tamoyillarini bosqichma-bosqich tatbiq etish,  xalq ta’limi sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsion loyihalarni joriy etish kabi ustuvor vazifalar belgilab berilgan.  

Yig‘ilish davomida Konsepsiyada belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda ko‘plab murojaatlarda berilgan takliflarni inobatga olgan holda yangi O‘quv dasturida matematika ta’limi mazmuni, mustaqil hayotda qo‘llash imkoniyati bo‘lgan matematik savodxonlikni, tanqidiy fikrlash va ijodkorlik kompetensiyalarini shakllantirish uchun takomillashtirilganligi qayd etildi.  

Muloqot jarayonida Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktori o‘rinbosari, fizika-matematika fanlari doktori, professor A.Xudoyberganov, O‘zbekiston Respublikasi Qahramoni, matematika fani o‘qituvchisi M.Sharopova,  Toshkent shahridagi Aniq va ijtimoiy fanlar universiteti rektori, fizika-matematika fanlari doktori, professor G.Botirov  va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘qituvchisi, darsliklar muallifi,O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi, professor M.Mirzaahmedov  kabi mamlakatning   yetakchi olimlari va amaliyotchi o‘qituvchilari hamda kengash a’zolari ishtirok etdi.  

Yig‘ilish so‘ngida kengash a’zolari tomonidan bir ovozdan o‘quv dasturi foydalanishga tavsiya etildi va uni tasdiqlash uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga yuborildi.  

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA