Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi ta’mirdan chiqqan MTT bolalar ixtiyorida
10:41 / 2022-01-22

“Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” munosabati bilan Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi “Paxtakor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tubdan qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.

Hozirda tumanda jami 92 ta: shundan 13 ta davlat, 3 ta davlat xususiy sherikchiligi asosidagi nodavlat va 76 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Joriy yilning 1 yanvar holatiga tumandagi 3-6 yoshli bolalar soni 6 ming 401 nafarni tashkil etib, ulardan 5 ming 68 nafar tarbiyalanuvchi ana shu MTTga qamrab olingan yoki bu ko‘rsatkich 79,1 foizni tashkil etadi.

Tadbir davomida ishtirokchilar bolajonlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

– Bog‘cha 1968 yilda, 140 o‘ringa mo‘ljallab qurilgan bo‘lib, ancha abgor holatga kelib qolgan edi, – deydi MTT rahbari Feruza Abduqodirova. – Ob’ekt 4 milliard 700 million so‘m mablag‘ evaziga “Jizzax qurilish ziynati” ma’sulyati cheklangan jamiyatining mohir ustalari tomonidan qayta ta’mirlanib, yangidan jihozlandi va bolajonlarimiz uchun ham xodimlar uchun ham barcha sharoitlar to‘la yaratib berildi.

[gallery-5533]

Endi muassasada 210 nafar bolaga ta’lim-tarbiya berish imkoniyati bor.

Yopiq sport va musiqa zali, kutubxona, oshxona, o‘yin, mashg‘ulotlar uchun xonalar, yotoqxonalar zamon talabiga to‘la javob beradi.

Bino individual istitish tizimiga ega bo‘lib, toza ichimlik suvi, elektr, gaz va kanalizatsiya tarmog‘iga ulangan.

Mazkur MTTda 12 nafar oliy ma’lumotli pedagog rus, ingliz tillari, musiqa, raqs, san’at, mohir qo‘llar va bir qator sport to‘garaklarida bolajonlar bilan birga mashg‘ulotlarni muntazam o‘tib borayotir.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA