Toshkent viloyati Ohangaron tumani «Oybuloq» mahalla fuqarolar yig‘inidagi 8-umumta’lim maktabi yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda hudud faollari, mehnat faxriylari, maktab o‘quvchilari va yoshlar ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda ta’lim tizimini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasi tufayli chekka joylarda ham zamonaviy maktablar bunyod etilib, yangi zamonaviy binolar qurilmoqda. Yoshlarning sifatli bilim olishi uchun qulay muhit yaratilmoqda.

Mazkur sa’y-harakatlar sabab sohadagi ko‘p yillik muammolar tizimli ravishda hal etilmoqda. Joriy yilda tumanda zamonaviy 6 ta maktab qurilayapti, 7 ta maktab kapital ta’mirlanmoqda.

Maktabning 2 qavatli yangi binosi 2021 yil Davlat dasturi asosida qurildi. Yangi inshootni qurish uchun jami 6 milliard 700 million so‘m mablag‘ sarflandi. Binoda matematika, xorijiy tillar, axborot texnologiyalari, kimyo, biologiya, fizika xonalari bor.

Mazkur ta’lim maskanida o‘quvchilarning zamonaviy ta’lim olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. 352 o‘ringa mo‘ljallangan maktabda 60 o‘rinli faollar zali, sport zali, ochiq sport maydoni, zamonaviy kutubxona va 40 o‘rinli oshxona, tibbiyot, ma’naviyat, yoshlar yetakchisi, psixolog o‘qituvchilar xonalari to‘liq jihozlanib faoliyat ko‘rsatayotir. Maktabda hozirgi pandemiya davridan kelib chiqqan holda sanitar-gigiyenik yuvinish xonalari belgilangan talablarga mos jihozlangan. Ayni paytda turli fan to‘garaklari faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu bolalar darsdan bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga imkon beradi.

Hozir bu yerda 26 nafar o‘qituvchi faoliyat yuritayapti, 325 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.

Tadbir davomida mehmonlar zamonaviy ta’lim dargohida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Shuningdek, mazkur mahallada «Nazokat maishiy xizmat uy» MCHJ tomonidan Yoshlar mehnat guzari ham ochildi. Buning uchun tadbirkor hisobidan 400 million so‘mga yaqin mablag‘ ajratildi.

Bu yerda bolalar qo‘shimcha bilim olishi uchun o‘quv markazi, aholi ehtiyoji asosida savdo do‘koni, erkaklar va ayollar salomatligini mustahkamlash maqsadida fitnes zali ish boshlaydi. Ayniqsa, zamonaviy sun’iy qoplamalik maydonning barpo etilgani mahalla bolalari uchun katta sovg‘a bo‘ldi.
A.Musayev, O‘zA