English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi bilan amaldagi soliqlar soni 13 tadan 9 tagacha kamaytirildi
12:29 / 2020-01-28

Soliq kodeksining mazmun-mohiyatini aholiga, ayniqsa tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazish maqsadida Xorazm viloyatining Xiva shahrida ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.


Mamlakatimizda 2019 yil 30 dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Mazkur qonunga asosan 2020 yilning 1 yanvaridan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Soliq kodeksining mazmun-mohiyatini aholiga, ayniqsa tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazish maqsadida Xorazm viloyatining Xiva shahrida ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Davlat soliq qo‘mitasi hodimlari tomonidan tashkil etilgan tadbirda davlat soliq xizmati xodimlari, turli korxona hamda tashkilotlarning rahbar va hisobchilari, tadbirkorlar ishtirok etdi.

Ta’kidlash lozimki, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi zamonaviy soliq tizimini yaratishda tenglik, soddalik, aniqlik va samaradorlik kabi asosiy prinsiplarga asoslangan. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur Soliq kodeksi soliq qonunchiligi normalari qo‘llanilishini soddalashtirish, undagi ziddiyatlar va tushunmovchiliklarni tugatish, insofli soliq to‘lovchilar manfaatlarini himoya qilish, soliq nazoratining shakl va mexanizmlari, soliq ob’ektlari, soliq to‘lovchilarning hisobini yuritishni ta’minlaydigan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bilan bog‘liq bir qator muhim yangiliklarni o‘z ichiga olgan. Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi mazmun va mohiyati jihatidan xalqaro normalarga to‘la javob beradigan hujjat sifatida kuchga kirdi.

– Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi bilan amaldagi soliqlar soni 13 tadan 9 tagacha kamaytirildi, – deydi viloyat Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat Saidov. – Yakka tartibdagi tadbirkorlarga soliqlarni to‘lashni tanlash huquqi berildi. Xususan, ular soliqni qat’iy belgilangan miqdorlarda to‘lash yoxud jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risida deklaratsiya asosida to‘lashi mumkin. Soliq nazorati shakllari ham 13 tadan 2 taga qisqartirildi. Tekshirishlarni tayinlash tartibiga o‘zgartirish kiritilmoqda, tekshirishlar inson omilisiz, faqat “Tahlika-tahlil” dasturi asosida 3 ta segmentga bo‘lish asosida amalga oshiriladi. Davlat soliq xizmati organlari endilikda jarimalarni profilaktik tadbirlar o‘tkazgandan keyingina qo‘llaydi.

Urganch shahrida bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmali seminarda mutaxassislar tomonidan tadbirkorlarga Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar aniq misollar orqali tushuntirildi.

– Bizning korxonamiz qurilish sohasida faoliyat olib boradi, – deydi “Xiva qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh hisobchisi Nigora Ahmedova. – Yangi taxrirdagi Soliq kodeksiga kiritilgan yangiliklardan biri – bu ortiqcha to‘langan soliqlar davlat tomonidan penyasi bilan qaytarilishidir. Shuningdek, soliq tekshiruvlarining keskin kamaytirilishi ortiqcha ovoragarchilikning oldini olib, o‘z faoliyatimizni yanada rivojlantirish imkonini beradi.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida mamlakat taraqqiyotining tayanchi bo‘lgan insofli, halol soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish, yashirin faoliyat yuritayotganlarning qonuniy ishlashi uchun shart-sharoit yaratishga xizmat qiladigan normalarga o‘rin berildi. Bundan ko‘zlangan maqsad fuqarolarimizning soliqdan qochishi emas, balki uni vaqtida to‘lashdan manfaatdor bo‘lishiga erishishdir.

– Biz davlat ulushi mavjud korxonalardan hisoblanamiz, – deydi “Satin” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Shavkat Polvonov. – Yangi Soliq kodeksiga asosan bizga yengillik bo‘lgan jihat – bu yagona ijtimoiy to‘lovlarning 25 foizdan 12 foizga pasaytirilganidir. Bu yiliga 200 million so‘m mablag‘ korxonamiz hisobida qoladi, degani. Biz ushbu mablag‘ni ishchilarimizning oylik maoshlarini oshirish va korxonamizni yanada kengaytirish maqsadida sarflaymiz.

Kodeksning har bir normasi iqtisodiyotning barcha jabhasida makroiqtisodiy barqarorlikka erishish, pirovardida, mamlakat rivoji hamda xalq manfaatlari ustuvorligini ta’minlash nuqtai nazaridan mukammal ekanligini alohida e’tirof etish joiz. 

– Yangi joriy etilgan Soliq kodeksiga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvardan boshlab tovarlarni (xizmatlarni) sotishda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar hisob varaq-fakturalarni elektron shaklda taqdim etishi va qabul qilishi shart, – deydi Xiva shahar DSI boshlig‘i Rahimboy Eshchanov. – Biroq ko‘p sonli soliq to‘lovchilarni elektron hisob operatorlariga ulash zarurati tufayli 2020 yilning 1 iyuliga qadar soliq organlari belgilangan tartibni buzganlik uchun javobgarlik choralarini qo‘llamaydi. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, Soliq kodeksida soliq organlarining huquq va majburiyatlari belgilangan holda, ularning javobgarligi ham kuchaytirilgan.

Ko‘rgazmali seminarda tadbirkorlik sub’ektlariga qulaylik yaratish hamda ularning faoliyati davomida qo‘llashlari uchun maxsus bukletlar, uslubiy qo‘llanmalar tarqatilib, slaydlar va stendlar namoyish etildi.

Shuningdek, ishchi guruh vakillari tomonidan joylarga chiqilib, korxonalar rahbarlari hamda hisobchilariga yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga kiritilgan asosiy o‘zgarishlarni tushuntirish va yaqindan amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida o‘quv-seminarlar ham tashkil etildi. Yangi Soliq kodeksining mazmun-mohiyatini targ‘ib etishga bag‘ishlangan mazkur tadbirlarda ishtirokchilar Soliq kodeksi bandlari, soliq nizolarini sudgacha hal qilish yuzasidan olib borilayotgan ishlar, daromad manbalarining taqsimlanishiga oid mavzularni katta qiziqish bilan tingladi.

Bu kabi seminarlar viloyatning barcha shahar va tumanlarida bo‘lib o‘tadi.