English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi qoʻshimcha qonunosti hujjatlari qabul qilishni talab qilmaydi
17:00 / 2020-09-04

Mamlakatimizda ushbu munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi hamda Xalqaro mehnat tashkilotining tegishli konvensiya va tavsiyalariga asoslanadi.


Mehnat bozorida yuzaga kelayotgan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar tizimida aholi bandligini taʼminlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, mehnat nizolarining yuzaga kelmasligiga erishish koʻp jihatdan bu boradagi qonunchilikni takomillashtirishga bogʻliq.

Mamlakatimizda ushbu munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi hamda Xalqaro mehnat tashkilotining tegishli konvensiya va tavsiyalariga asoslanadi.

Raqamlarga eʼtibor qaratiladigan boʻlsa, Oʻzbekiston mehnat bozorida soʻnggi yillarda bir qator jiddiy oʻzgarishlar amalga oshirilganini koʻrish mumkin. Xususan, ish bilan band boʻlganlar soni 8,8 milliondan 13,5 millionga yetdi. Ish beruvchilar soni 4,5 barobarga oshdi. Respublika boʻyicha band aholining 59 foizi moliya sektorida ish faoliyatini olib bormoqda. Bu esa ish beruvchi va xodimlarning oʻzaro munosabatlari faol rivojlanish talablarini hisobga olgan holda mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini takomillashtirib borishni talab etadi.

Qayd etilishicha, shu kungacha ish beruvchi va xodim oʻrtasidagi munosabatlar 1995-yilda qabul qilingan amaldagi Mehnat kodeksi bilan tartibga solinib kelinmoqda. Amaldagi Mehnat kodeksi zamonaviy voqelikka mos kelmaydi. Bugungi jadal rivojlanish davrida qonun bilan tartibga solinmayotgan masalalar yaqqol koʻzga tashlanib qolmoqda. Ish beruvchilar, xususan qoʻshimcha odamlarni mehnatga jalb qilishning sodda shakllarini tanlashga imkon beruvchi moslashuvchan ish rejimlaridan keng foydalanish uchun yetarli shart-sharoitlar aks etmagan.

Shu bilan birga, bugungi kunda mahsulot, tovarlar va xizmatlar uchun mavsumiy talab oshib bormoqda. Bu esa yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini qabul qilish zaruratini tugʻdirmoqda.

Parlament quyi palatasi, Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud huquq masalalari qoʻmitasi tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokama etildi.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi loyihasi tuzilishi jihatdan 2 qism, 34 bob va 621 moddadan iborat.

Yigʻilishda yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi loyihasini qabul qilish uchun asoslar va undan kutilayotgan natijalarga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Taʼkidlanganidek, ushbu qonun loyihasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ijtimoiy soha va iqtisodiyotni rivojlantirish, jumladan, investitsiya muhitini yaxshilash borasida Oʻzbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilamoqda.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat nizolarini koʻrib chiqish kabi normalarni oʻz ichiga oladi.

Mehnat kodeksining yangi tahrirda qabul qilinishi bir qator imkoniyatlarni yuzaga chiqarishi ham qayd etildi.

– Yangi tahrirdagi kodeks qoʻshimcha qonunosti hujjatlari qabul qilishni talab qilmaydi va toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi hujjatga aylanmoqda, – deydi Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Odil Tojiyev. – Xodimlar va ish beruvchilar oʻrtasidagi yakka tartibdagi va ular bilan bogʻliq boʻlgan mehnat munosabatlarini tartibga solmoqda. Mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining amal qilish doirasini va qoʻllanilmaydigan sohalarini aniq belgilaydi. Mehnat shartnomasini tuzish bilan bogʻliq ayrim munosabatlar takomillashtirilmoqda. Jumladan, ishga qabul qilishga yoʻl qoʻyiladigan yoshga aniqlik kiritilmoqda. Ishga qabul qilishda dastlabki sinov belgilanmaydigan shaxs toifalari kengaytirilmoqda.

Hujjatda mamlakat yoki mintaqada favqulodda holat yoki karantin choralari eʼlon qilinganda xodimning roziligisiz mehnat shartnomasiga oʻzgartirish kiritish shartlari belgilanmoqda. Mutlaqo yangi mexanizm – mehnat shartnomasini kuchdan qoldirish (annulirovaniye) kiritilmoqda.

Shuningdek, ushbu hujjat fuqarolarning mehnat faoliyatiga jalb qilinishining yangi shakllarini faol rivojlantirishni tartibga solish, Mehnat kodeksi qoidalarini xalqaro huquq normalariga, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalarga moslash imkonini beradi.

Loyihani ishlab chiqish jarayonida Fransiya, Germaniya, Shvetsiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon va Moldova kabi davlatlarning mehnat qonunchiligi oʻrganilgan.

Yakunda qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisi muhokamasiga kiritish toʻgʻrisida tegishli qaror qabul qilindi.