Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining mazmun-mohiyatini targ‘ib qilish, tushuntirish bo‘yicha deputatlar, soha vakillari, mutaxassislar ishtirokida davlat va jamoat birlashmalari, tashkilotlar, mahallalarda turli uchrashuv va davra suhbatlari, ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda. Bunday tadbirlarda yangi tahrirdagi kodeksda belgilangan yangi tartib-qoidalar, muhim normalar keng tushuntirilmoqda.
Kuni kecha O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi tashabbusi bilan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan ochiq muloqot tashkil qilindi. Muloqot jarayoni partiyaning telegram kanali orqali ham jonli tarzda ulashildi.
Tadbirni partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammadjonova olib bordi.

— 1995 yilda qabul qilingan amaldagi Mehnat kodeksi bugungi sharoitga mos kelmay qolgan edi. Ya’ni unda bozor iqtisodiyoti sharoitida ish beruvchining mas’uliyati, fuqarolarni mehnatga jalb qilishning yangi shakllari hisobga olinmagan edi. Yangi tahrirda qabul qilingan kodeksda esa bir qator o‘zgarishlar kiritildi. Jumladan, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida moslashuvchan ish vaqti degan tushuncha aks ettirildi. Bunda muayyan xodim ish kunining boshlanish va tugash muddatini o‘zi tartibga solishi imkoni yaratilyapti. Bu, ayniqsa, ayollarimiz uchun qulay imkoniyatdir. Ma’lumki, partiyamiz o‘z saylovoldi dasturidan kelib chiqib, bu masalani doim ko‘tarib kelar edi. Shu ma’noda kodeksdagi ushbu yangicha tartib bizning dasturiy vazifalarimizga hamohang va mushtarakdir, — dedi F.Muhammadjonova.
Shuningdek, muloqotda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov hamda Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bo‘lim mudiri, yuridik fanlari doktori Gulnoza Sattorova ham ishtirok etib, hujjatning yangi normalari, uning ahamiyati xususida tushuntirishlar berdi.
Shundan so‘ng, onlayn tinglovchilar uchun savol-javoblarga navbat berildi. Ishtirokchilarning yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi, mehnat munosabatlari yuzasidan savollariga javob qaytarildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA