Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya adolatli sud hukmi va qarorlari uchun asos bo‘lmoqda
19:49 / 2023-07-21

Bosh Qomusimizning 2023 yil 30 apreldagi referendum asosida qabul qilingan yangi tahriri ezgu maqsadlar ro‘yobini ta’minlamoqda.

Xususan, jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy sudlar tomonidan hukm hamda qarorlarni qabul qilishda yangi konstitutsiya qoidalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanilmoqda. Bu borada 2023 yil 23 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining "Odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida"gi qarori ham qabul qilindi.

Hayotiy misollarga e’tibor qaratsak. Farg‘ona viloyatining Quva tumanida yashovchi I.Valijonov (ism-shariflar shartli) 2023 yil 20 aprel kuni o‘zining “Matiz” avtomashinasini tumanning “G‘alaba” mahallasi hududida boshqarib borayotgan paytda yo‘lni kesib o‘tayotgan piyoda M.Jahonovni urib yuboradi. Oqibatda piyoda o‘rta-og‘ir tan jarohatini oladi. Bu holat sud-tibbiy ekspertizasining 2023 yil 1 maydagi xulosasi bilan tasdiqlangan. Binobarin, Izzatillo uni davolanish uchun zarur bo‘lgan dori-darmonlar bilan ta’minlab, boshqa xarajatlarini ham qoplaydi. Haydovchi va piyoda yarashib oladi. Pirovardida Quva tumani IIB tergovchisi 2023 yil 10 may kuni ayni holat yuzasidan gumon qilinuvchi I.Valijonovga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan yuritilgan jinoyat ishini tomonlar yarashgani munosabati bilan tugatish masalasini hal qilish uchun sudga yuborgan.

Sud majlisida jabrlanuvchi M.Jahonov ham sog‘ligi yaxshi ekanligi va gumon qilinuvchi moddiy zararlarni to‘liq qoplagani, unga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligini bildirib, jinoyat ishini yarashuv asosida tugatishni so‘radi. Qolaversa, tergov organi jabrlanuvchiga yarashuvning huquqiy oqibatlarini ham tushuntirgan.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 29-moddasida “Huquqbuzarliklardan jabrlanganlarning huquqlari qonun bilan muhofaza qilinadi. Davlat jabrlanganlarga himoyalanishni va odil sudlovdan foydalanishni ta’minlaydi, ularga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi” deya ta’kidlangan. 

Shu bois mazkur konstitutsiyaviy normaga tayangan jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudi jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar to‘liq undirilganini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 661-moddasini qo‘llagan holda I.Valijonovni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish, qolaversa Jinoyat protsessual kodeksining 84-moddasi 4-qismi asosida uning ayblilik masalasini hal qilmasdan harakatdan tugatish xususida ajrim chiqardi.

Yana bir holat: Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi R.Mirzanazarovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini olaylik. Tergov jarayoni va sudda aniqlanishicha, 2022 yil sentyabr oyida u Dang‘ara tumanidagi daladan yovvoyi holda o‘sayotgan “Nasha” o‘simligi barglarini uzib olib, ezg‘ilagan holda giyohvandlik vositasini tayyorlaydi. So‘ng o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay, o‘zining yonida saqlab keladi. Shu yilning 24 aprel kuni esa Qo‘qon shahar IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda R.Mirzanazarov giyohvandlik vositasini saqlashda gumonlanib to‘xtatiladi. Uning kiyimlari xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, shimi cho‘ntagidan bir bo‘lak giyohvandlik vositasiga o‘xshash modda topiladi. 2023 yil 25 apreldagi ekspertiza xulosasi Rustamning yonidan olingan modda “gashish” giyohvandlik vositasi ekanligi, sof og‘irligi 0,52 grammni tashkil qilishini tasdiqlaydi. Oqibatda ayni holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Sud majlisida R.Mirzanazarov aybiga to‘liq iqrorligini bildirdi. Biroq O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28-moddasi sifatida belgilangan yangi qoidaga ko‘ra, agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas. Binobarin, jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi cudlanuvchining jinoiy qilmishini isbotlovchi, sud majlisida tekshirilgan boshqa dalillarga ham e’tibor qaratdi. Xususan, guvoh A.Xoldoraliyev haqiqatan ham 2023 yil 24 aprel kuni shahar IIB xodimlarining taklifiga binoan xolis sifatida ishda ishtirok etganini, tezkor xodimlar R.Mirzanazarovni to‘xtatib, yonidagi buyumlarni ko‘zdan kechirishganda, o‘tkir hidli giyohvandlik vositasiga o‘xshash modda topilganini bildirdi. Inchunin, sud R.Mirzanazarovni Jinoyat kodeksining 276-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topib, ozodlikni cheklash jazosiga mahkum etdi.

Ta’kidlaganimizdek, Bosh qomusimizning yangi tahriri nafaqat jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar, balki fuqarolik ishlari bo‘yicha qabul qilinayotgan qarorlarning adolat mezonlariga mosligida ham asosiy omil bo‘layotir. 

Shuningdek, Marg‘ilon shahar adliya bo‘limining fuqarolik ishlari bo‘yicha Marg‘ilon tumanlararo sudiga fuqaro Sh.Jabborov manfaatida kiritgan da’vo arizasi shular jumlasidandir. Ayon bo‘lishicha, Sh.Jabborov o‘zi yashaydigan mahalla fuqarolar yig‘ini raisi vazifasida ishlagan. Biroq pandemiya davrida – 2020 yil iyul oyidan 2021 yil sentyabr oyiga qadar har oyda ish haqiga qo‘shimcha ustama ololmagan. Vaholanki, davlatimiz rahbarining 2020 yil 18 fevralda imzolangan “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni 28-bandi (ushbu band Prezidentning 2021 yil 18 oktyabrdagi farmoni asosida o‘z kuchini yo‘qotgan)ga binoan 2020 yil 1 iyuldan fuqarolarning o‘zini-o‘zini boshqarish xodimlari lavozim maoshiga 30 foiz miqdorida ustama to‘lanishi belgilangan.

Yangi Konstitutsiyamizning 20-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan o‘zaro huquq va majburiyatlar bilan bog‘liqdir. Insonning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas. 

Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi. Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak. Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi” deya qayd etilgan. Ana shu asoslarga tayangan sud da’voni qanoatlantirib, Marg‘ilon shahar hokimligidan Sh.Jabborov foydasiga 6 892.577 so‘m ustama to‘lovi undirish yuzasidan qaror qabul qildi.

Albatta bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Umuman olganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiya adolatli sud hukmlari va qarorlarini qabul qilish uchun asos bo‘lmoqda. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, sud ostonasiga qadam qo‘ygan har bir inson, O‘zbekistonda adolat hukm surayotganiga to‘la ishonch hosil qilishi kerak.

Shuhrat KAMOLOV,

Farg‘ona viloyat sudi raisi