Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi tafakkur, yangi armiya, yangi imkoniyatlar
09:56 / 2026-01-14

Munosabat

Kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi mamlakatimiz mudofaa siyosatida mazmunan yangi bosqich boshlanganini ko‘rsatdi. Yig‘ilishda bildirilgan fikr va vazifalarni oddiy bayonot sifatida emas, balki bugungi global va mintaqaviy o‘zgarishlarga berilgan tizimli javob sifatida baholash mumkin.

Sababi, bugun jahonda harbiy-siyosiy vaziyat beqarorlashib borayotgan, mintaqaviy mojarolar kengayib, qurollanish poygasi yangi shakl kasb etayotgan bir paytda O‘zbekistonning xavfsizlikka oid yondashuvi alohida e’tiborga loyiq.

Bugun zamonaviy urush tabiati tubdan o‘zgardi. Xavf-xatarlar faqat harbiy maydon bilan cheklanib qolmayapti. Kiberhujumlar, axborot xurujlari, sun’iy intellekt, iqtisodiy bosim va geosiyosiy ta’sir o‘tkazish vositalari davlat xavfsizligining ajralmas qismiga aylandi.

Shu ma’noda, davlatimiz rahbarining barcha soha va tarmoqlarni “proaktiv ish rejimi”ga o‘tkazish haqidagi talabi bugungi global vaziyatga berilgan eng to‘g‘ri va o‘z vaqtidagi javobdir. Endi xavfga javob berish emas, xavfni oldindan ko‘ra bilish va bartaraf etish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilmoqda.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, o‘tgan yillar mobaynida milliy armiyamizni modernizatsiya qilish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika, uchuvchisiz uchish apparatlari, raqamli boshqaruv tizimlari joriy etilmoqda. Qo‘shinlarda yangi taktik usullar sinovdan o‘tkazilib, jangovar tayyorgarlik sifat jihatdan yangi bosqichga chiqdi.

Ayniqsa, harbiy ta’lim tizimining tubdan yangilanishi alohida e’tiborga loyiq. Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining tashkil etilgani, ta’lim jarayoniga sun’iy intellekt, raqamli baholash va ilg‘or texnologiyalarning joriy etilishi bu kelajak ofitserlar korpusini tayyorlashda mustahkam poydevor demakdir. Davlat rahbari ta’kidlaganidek, harbiy ta’limni modernizatsiya qilmasdan turib, armiyaning yangi qiyofasini yaratib bo‘lmaydi. 

Yig‘ilishda ilgari surilgan eng muhim ijtimoiy yo‘naltirilgan tashabbuslardan yana biri bu – muddatli harbiy xizmatga mutlaqo yangi yondashuvdir. Prezidentimiz uni faqat harbiy burch emas, balki yoshlar uchun hayotiy start maydoni sifatida tashkil etish zarurligini ta’kidladi.

Endilikda, armiyada xizmat qilgan har bir yosh kamida bitta kasb egasi bo‘lib chiqishi, IT, sun’iy intellekt, dasturlash kabi zamonaviy yo‘nalishlarda bilim olishi, oliy ta’limga kirish va mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi uchun barcha sharoit yaratilishi bu haqiqiy ijtimoiy islohotdir.

Jumladan, askarlarga muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida harbiy qismning o‘zida oliygohga o‘qishga kirish uchun imtihon topshirish imkoniyati yaratiladi. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalikka qabul qilingan askarlar muddatli harbiy xizmat yakunlanishi bilan oliygohda o‘qishini boshlaydi.

Shu bilan birga, armiyadan qaytib, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqchi bo‘lgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikati olish xarajatlari qoplab beriladi. Agar ular oliygohlarga kontraktga kirsa, foizsiz ta’lim krediti ajratiladi.

Bundan tashqari, armiyadan qaytgan yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha ham alohida imtiyozlar beriladi. Jumladan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlarning kredit xarajatini 6 foizi davlat tomonidan qoplanadi, davlat tashkilotlariga ishga kirmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan o‘tkaziladigan test ballariga 10 foizlik imtiyoz berish amaliyoti joriy qilinadi. Xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan yoshlarga kasbni egallash va sertifikat olish xarajatlari to‘lab beriladi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari harbiy xizmatchilar mehnatini qadrlash, ularning oilalari va harbiy pensionerlarni ijtimoiy himoya qilishga qartilgan muhim tashabbuslarni ham ilgari surdi. Ularning maoshlarini oshirish, pensiya hisoblash tizimini takomillashtirish, uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirish – bularning barchasi “inson qadri uchun” degan tamoyilning amaldagi ifodasidir.

Ayniqsa, harbiy xizmatchilarning pensiya ta’minoti bo‘yicha alohida qonun loyihasini ishlab chiqib, parlamentga kiritish haqidagi topshiriq Qonunchilik palatasi deputatlari zimmasiga ham alohida mas’uliyat yuklaydi. Qolaversa, yig‘ilishda sakkiz yil oldin qabul qilingan Mudofaa doktrinasi va Milliy xavfsizlik konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish vaqti kelgani haqidagi fikr alohida ahamiyat kasb etdi. Chunki dunyo o‘zgarmoqda, tahdidlar shakli va ko‘lami yangilanmoqda.

O‘zbekistonning harbiy bloklarga qo‘shilmaslik maqomini saqlagan holda, ko‘p tomonlama diplomatiya, harbiy mustaqillik, yuqori texnologiyalarga asoslangan mudofaa strategiyasini ta’minlash lozim. Bu hujjat mamlakat xavfsizligiga oid qonunchilikni tubdan takomillashtirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur qarorlar izchil va tizimli amalga oshirilsa, O‘zbekiston armiyasi nafaqat milliy xavfsizlik kafolati, balki zamonaviy, yuqori texnologiyali va ijtimoiy jihatdan barqaror institutga aylanadi.

Mavluda ADHAMJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 

Ekologiya va atrof-muhitni

muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.

O‘zA