Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi she’riy janr...
06:02 / 2022-10-01

Milliy adabiyotimizning o‘ziga xos, yorqin izlanishlari ila tanilgan, “Zarbuldoston”, “Qo‘shsatr”, “Uchshoda” kabi nazmiy janrlarga asos solgan iste’dodli shoir Safar Olloyorning “Qalb saltanati” nomli tanlangan asarlar to‘plamining 2-jildi nashr etildi. Mazkur kitob orqali Safar OlloyorPetrarka davridan buyon Ovro‘pa she’riyati gultoji bo‘lib kelayotgan sonet janriga turdosh yangi janr – eshsonetlari bilan muxlislariga yuzlanadi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, filologiya fanlari nomzodi Gulnoz SATTOROVA ushbu saylanmaga yozgan “ABADIYAT BULOQLARIDAN OZIQLANGAN SHE’RIYAT” sarlavhali so‘ngso‘zida shunday e’tirof etadi: “Safar OLLOYOR birinchi sonet katrinlarini yozishda mashhur nazmiy janrning abba, abba tarzidagi qofiya talabiga qat’iy amal qilgan. Yangi kashfiyot esa, shundan keyin yuzaga kelgan. Xususan, keyingisini bccb, bccb tarzida bitganligi tufayli dastlabki sonet katrinlarining ichki satrlariga undan keyingi she’rning aynan shunday qismidagi sirtqi satrlari qofiyadosh bo‘lganligi uchun adabiyotda ilk turdosh janr – eshsonet paydo bo‘lgan; undan keyingisini cddc, cddc va shu kabi tegishlicha har bir eshsonet katrinlarini navbatdagisiga esh uslubda qofiyalab (eng muhimi, ularda bir xil qofiya takrori deyarli uchramaydi!), ana shu qat’iy uslub asosida izchil ravishda davom ettirgan va shunday tig‘iz usulda o‘n emas, o‘ttiz yo ellik emas, naq 500 ta eshsonet bitishga muvaffaq bo‘lgan. Tan olish kerakki, bu – o‘ta murakkab ijodiy jarayon. Chunki yuqorida tahlil qilib ko‘rganimizdek, ketma-ket 4 ta emas, balki bunda, ya’ni eshsonetlarda birato‘la mavzuga doir 8 ta to‘q lirik qofiya topish va ularni ko‘zlangan ma’no-mazmunga moslash zarurati yuzaga keladiki, o‘z-o‘zidan, bu ijodiy jarayon shoirdan sonet yozishga qaraganda bir necha hissa ortiq quvvai hofiza va badiiy mahorat talab qiladi. Chunki eshsonetlarda qofiyadosh so‘zlarga ehtiyoj ortgan sari ulardan birini betakror ravishda tanlab, mavzuga xizmat qildirish imkoniyati tobora kamayib boraveradi. Boz ustiga, mavzu g‘oyasi, mazmuni, ruhiyati va yo‘nalishi singari ijodkordan katta mahorat talab qiladigan badiiyat tartib-o‘lchamlari ham bu o‘ta nozik – nuktadonlik talab etadigan ijodiy masalani yanada qiyinlashtiradi yoki chigallashtiradi. Mazkur eshsonetlarning yana bir yangi jihati bor: tersetlari qat’iy ravishda bir juft qofiyali bo‘lib, olti satr bir-biri bilan mutlaqo erkin ravishda o‘zaro qofiyalangan. Bu hol ixcham, yaxlit va mukammal poetik asarni bir xil qoliplashdan anchayin afzal, biroq qiyinroq ekanligi kunday ravshan. Xuddi og‘ir jismoniy mashqlar (katrinlar “musobaqasi”!) nihoyasiga yetgach, basseynda erkin suzish qanchalik maroqli bo‘lsa, eshsonetlar xulosalari ham o‘quvchida xuddi shunday savqi tabiiy va ravon ifodalangan tashbeh, topilma va quyma fikrlari bilan xush taassurot uyg‘otadi. 

Yangicha she’riy atamaning o‘zi ham shu janrga mos va xos yangi topilma: eshsonet! Zeroki, o‘zbek tilida “esh” so‘zi “1 O‘rtoq, hamdam, yo‘ldosh, sherik; 2 shv. Juft” (“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, – T., 2008,  “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy n-yoti, 5-j, 63-b.) degan ma’nolarni bildiradi. Binobarin, o‘zbekcha “esh”  va italyancha “sonet” so‘zidan sintaksis asosida ajoyib “eshsonet” yasalgani nafaqat ushbu kashfiyot muallifi Safar OLLOYOR uchun, shu bilan birga, bugungi yangilanayotgan o‘zbek milliy adabiyoti uchun ham bag‘oyat salmoqli ijodiy yutuqdir.

Izlanuvchan shoir Safar OLLOYOR birgina uchshoda janrining o‘zida 30 dan ortiq shoirlarning yangi asarlaridan “Uchshodalar bayozi” to‘plamini tuzishga muvaffaq bo‘lganining o‘zi katta gap. 

Yangi turdosh janr milliy she’riyatimizning boyishiga xizmat qilishi, shubhasiz.

 A.Narzulloyev