Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi sex ish boshladi
17:15 / 2025-10-28

Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida xitoylik hamkorlar bilan birgalikda tashkil etilgan “Gold Arnasoy” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli Moshni qayta ishlash sexi faoliyat boshladi.

Joriy loyiha doirasida tumanda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash imkoniyatlari kengayib, yuqori qiymatli tayyor mahsulot yetishtirish va uni ichki hamda tashqi bozorlarga yetkazib berish jarayoni yo‘lga qo‘yildi.

Jizzax viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Zafar Azimov korxonada bo‘lib, ish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida u sexdagi texnologik jarayonlar, mahsulot sifati va eksportga tayyorlash bosqichlarini ko‘zdan kechirib, ish samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berdi.

Sex faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi natijasida tumanda 5 ming tonnadan ortiq mosh hosilini qayta ishlab, eksport qilish rejalashtirilgan. Bu esa nafaqat tuman iqtisodiyotini mustahkamlash, balki viloyatning eksport salohiyatini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Ishlab chiqarish jarayonlari zamonaviy texnologik liniyalar asosida amalga oshirilmoqda. Bu orqali yangi ish o‘rinlari yaratildi, aholi bandligi ta’minlandi va mahalliy aholining daromad manbalari kengaydi.

Hokimning birinchi o‘rinbosari ta’kidlaganidek, bunday loyihalarni amalga oshirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – hududlarda sanoatni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash orqali qo‘shimcha qiymat yaratish, aholi bandligini ta’minlash va turmush darajasini oshirishdir.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari