French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi saylov tizimining mazmuni yoshlarga tushuntirildi
05:56 / 2024-03-15

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan “Saylovlar demokratiya ko‘zgusi: yangi saylov tizimi – yoshlar nigohida” mavzuida seminar bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz saylov qonunchiligiga kiritilgan muhim o‘zgarishlar hamda saylovlarni yuqori saviyada o‘tkazishda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

– Milliy saylov qonunchiligimiz umume’tirof etilgan xalqaro prinsip va normalarga to‘la mos holda huquqiy jihatdan yanada rivojlantirildi, saylovchilarning va saylov jarayoni ishtirokchilarining huquqiy kafolatlari kuchaytirildi hamda saylov va referendum o‘tkazishning ochiqligi, shaffofligining huquqiy asoslari mustahkamlandi, – dedi qo‘mita raisi J.Shirinov. – 2023-yil 18-dekabr kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, bundan buyon Qonunchilik palatasi saylovi aralash (majoritar, proporsional) saylov tizimi asosida o‘tkaziladi. Unda Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi (partiyalar ro‘yxati) asosida siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha yagona saylov okrugidan saylanishi nazarda tutildi.  

Shuningdek, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining o‘ttiz foizidan qirq foiziga oshirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.

Shu bilan bir qatorda, saylov komissiyalarining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgarishlar joriy etildi.  

Qolaversa, og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud olib tashlanmagan fuqarolarning viloyat, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga tayinlanishini taqiqlash nazarda tutildi.

Seminarda qayd etilganidek, saylovda aholi, ayniqsa, yoshlarning faol ishtiroki mamlakat kelajak taraqqiyotini belgilashda muhim o‘rin tutadi. Shu bois ham saylovga puxta tayyorgarlik ko‘rish jarayonida yoshlarning milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov standartlari bo‘yicha bilim hamda amaliy ko‘nikmalarini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Tadbirda yoshlarning savollariga atroflicha javoblar berildi.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA