Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani markazidagi Yuksalish mahallasi hududida “Baraka” savdo majmuasi barpo etilib, foydalanishga topshirildi.
Qo‘rg‘ontepa tumani hokimi Alisher Xalilov, “Nuroniy” uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari, senator O‘ktamjon Oxunov, mehnat faxriylari, tadbirkorlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida majmua ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizning hududlarida bo‘lgani kabi Andijon viloyatining shahar va qishloqlarida ham qurilish, bunyodkorlik, aholining turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi, xususan, tuman markazida ishga tushirilgan savdo majmuasi ana shu yo‘nalishdagi ishlarga bir misol ekanligi ta’kidlandi.

Aholiga yanada kengroq qulaylik yaratish, savdo xizmati ko‘rsatish va xizmat sifatini yuksaltirish maqsadida barpo etilgan savdo majmuasida 114 ta savdo do‘koni, 250 yaqin savdo rastasi mavjud.
Majmuadagi do‘kon va savdo rastalarida sotuvchi hamda xaridorlar uchun zarur barcha qulayliklar yaratildi, majmua oldida avtomobillar uchun turargoh ishga tushirildi. Shuningdek, majmua hududida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida videokuzatuv kameralari, yong‘inning oldini olishga mo‘ljallangan tizimlar o‘rnatildi.

– Bozorimizda qulay, emin-erkin savdo qilish uchun barcha sharoitlar yaratilgan, – deydi “Baraka” savdo majmuasi rahbari Akmaljon Ma’rufjonov. – Savdo majmuasidan o‘z savdo joyi bo‘lmagan yoki ko‘cha va yo‘lakchalarda savdo qilayotgan ko‘plab tadbirkor hamda savdogarlarga joy ajratib berildi. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida olti oy ijara to‘lovi olinmaydigan bo‘ldi. Prezidentimizning tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi tashabbuslaridan kelib chiqib, tumanimizda savdo sohasida ish olib borayotgan tadbirkorlarga zarur yordamlar ko‘rsatilmoqda.

Yangi savdo majmuasida hozirda 220 ta yangi ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, majmua to‘la ishga tushgach esa yana 200 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari