Toshkent viloyati hokimi xitoylik tadbirkorlar bilan yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi.
Xitoyning yirik “Xian tsukuba technology CO, LTD” kompaniyasi raisi Chunhua Hu boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan o‘tkazilgan suhbatda kelgusida viloyat kasalxonalariga tibbiy asbob-uskunalarini yetkazib berish va qisman ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishildi.

Chinni mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha tajribaga ega mazkur kompaniya vakillari bilan kaolinni qayta ishlash, buning uchun xitoylik tajribali mutaxassislarni jalb qilish masalasida o‘zaro fikr almashildi.
Sanoat tarmoqlarida kerak bo‘ladigan maxsus kompressorlar ishlab chiqaruvchi kompaniya rahbarlari ham Toshkent viloyatida faoliyatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan loyiha taqdimotini o‘tkazdi.

“Concord New energy group limited” kompaniyasi raisi Peng Lian bilan olib borilgan muloqotda asosan shamol va quyosh energetikasiga investitsiyalar kiritish taklifi ko‘rib chiqildi. Mazkur kompaniya sohada 20 yillik tajribaga ega. Ayni kunlarda Yevropa va Afrika davlatlarida ko‘plab yirik loyihalarni amalga oshirmoqda.

Shuningdek, Piskent tumani hokimi Muzaffar Aripov “China Dadi” korxonasi vakillari bilan uchrashdi. Muloqot davomida qishloq xo‘jaligi o‘g‘itlari, tuproq konditsionerlari va pestitsidlar, qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha loyiha yuzasidan fikrlar almashildi. Mazkur yangi loyiha yuzasidan Piskentda zavod qurish taklifi ilgari surildi. Tuman hokimi hududda tadbirkorlarga yaratilgan keng imkoniyat va imtiyozlar, bu borada ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini aytib o‘tdi.
Investorlarning yangi zavod qurish bo‘yicha loyihaga kiritiladigan mablag‘i 5 million dollarni tashkil qiladi.
Muzokaralarda har ikki tomon o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
A.Musayev,
O‘zA muxbiri