Qarshi shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazining yangi binosi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Zamonaviy talablar asosida qurilgan mazkur 110 o‘rinli kompleks nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning salomatligini tiklash va jamiyatga yanada tezroq moslashuvini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Markaz 60 turdan ortiq zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, bu yerda yuqori malakali mutaxassislar tomonidan reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatiladi. A’zo va to‘qima harakatlanish funksiyasi buzilishi, bosh va orqa miya jarohatlari, bolalar bosh miya falajligi, suyak-muskul tizimi kasalliklari, artrit, osteoxondroz va disk churralari kabi xastaliklarga chalingan bemorlarga kompleks yordam ko‘rsatiladi.
Markaz mutaxassislari xalqaro tajribani o‘zlashtirmoqda. Xususan, 5 nafar shifokor Koreya Respublikasida, bir nafari Yaponiyada malaka oshirib qaytdi. Shuningdek, Koreyadan 2 nafar mutaxassis kelib, tibbiyot birlashmalari hamda sohadagi kadrlar uchun zamonaviy reabilitatsiya usullari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazmoqda.
Joriy yilning 9 oyi davomida viloyatda 1 ming 43 nafar shaxsga mazkur markazda davolanish uchun order berilgan. Ulardan 187 nafarida sog‘liq holatida sezilarli ravishda ijobiy dinamika kuzatilgan.
Yangi qurilgan reabilitatsiya markazida imkoniyati cheklangan shaxslar uchun munosib sharoit va qulay muhit yaratilgan. Bu yurtimizda ijtimoiy himoya hamda sog‘liqni saqlash sohalarida olib borilayotgan islohotlarning yana bir amaliy natijasi bo‘ldi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri