Ko‘p hollarda yangi qurilgan uy-joylar bitkazilib topshirilgach, hech qancha vaqt o‘tmay, uylarning nosozligi, isitish tizimi qoniqarli emasligi haqida e’tirozlar yuzaga keladi. Endilikda bu kabi muammolarning oldini olish maqsadida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, Uy-joy fondi inspeksiyasi tomonidan Samarqand viloyati Narpay tumanidagi yangi qurilgan ko‘p kvartirali uyning qurilishi yakunlanmaganligi sababli foydalanishga qabul qilish rad etilgan. Biroq, Samarqand viloyat Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan ushbu uyga aholi foydalanishi uchun ijobiy xulosa berilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi 200-son qarorining 6-ilovasi bilan tasdiqlangan Ma’muriy reglamentning 4-bandi «ye» kichik qismiga asosan ko‘p kvartirali uylarni foydalanishga qabul qilish jarayonida talablarga javob bermagan ob’ektlarning loyiha hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan Uy-joy fondi inspeksiyasining salbiy xulosasi inobatga olinmasdan Samarqand viloyat Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan foydalanishga qabul qilingani ma’lum bo‘ldi.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Uy-joy fondi inspeksiyasi mazkur ko‘p qavatli uyni quyidagi sabablarga ko‘ra foydalanishga qabul qilishni rad etgan edi.
Ya’ni ob’ektning qurilish ishlari yakunlanmaganligi (fasad qismi pardozlanmaganligi), obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmaganligi, loyihada ko‘zda tutilgan bolalar maydonchasi mavjud emasligi va boshqa kamchiliklar borligi aniqlangan.
Muammolarni bartaraf etish uchun eshikma-eshik yurib, qurilishi tugamagan uylarning noqulay sharoiti aholini charchatishi tabQurilish sohasiiiy. U vaqtda esa quruvchi ham, inspektor (GASN) ham maza qilib yurgan bo‘ladi. Jabrini bitmagan uy olgan oddiy odamlar tortadi.
Shuning uchun hamma uy qurilishi ham risoladagidek bajarilyapti, deb bo‘lmaydi. So‘ngi uch oyda Uy-joy fondi inspeksiyasi pudrat tashkilotlari tomonidan qurib foydalanishga topshirilgan 165 ta uydan 80 tasiga ijobiy xulosa bergan. 13 tasi o‘rganish jarayonida. 72 tasi to‘liq bitkazilmasdan foydalanishga topshirish uchun ariza yo‘llangani uchun rad etgan.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA