Huquqiy munosabat
Qonunchiligimizda ko‘p kvartirali uyning yerto‘lasidan foydalanish, saqlash tartibi, foydalanishda belgilanadigan asosiy talablar, yerto‘lada shug‘ullanish mumkin bo‘lgan va mumkin bo‘lmagan faoliyat turlari, shuningdek, yerto‘ladan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari bor.
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu haqda batafsil tushuntirish berdi.
– O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 7 noyabrdagi «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasi birinchi qismiga asosan umumiy mol-mulk joylarning mulkdorlariga umumiy ulushli mulk huquqi asosida tegishli bo‘lishi belgilangan.
Ushbu moddaning oltinchi qismida esa umumiy mol-mulkning ayrim qismlari umumiy ulushli mulkning barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan qaror asosida boshqa shaxsga berilishi mumkinligi belgilangan.
Demak, uyda yashovchi barcha mulkdorlarning roziligini olgan taqdirdagina podvalni o‘z nomingizga o‘tkazishingiz mumkin bo‘ladi. Aks holda u yerni egallashingiz noqonuniy hisoblanadi.
Yana shuni ta’kidlash lozim, ushbu moddaning yettinchi va sakkizinchi qismiga binoan: umumiy mol-mulk, agar uning boshqa shaxsga berilishi yoki foydalanish uchun o‘tkazilishi boshqa mulkdorlarning o‘z mulk huquqlarini amalga oshirishini cheklaydigan bo‘lsa, boshqa shaxsga berilishi yoxud bir yoki bir nechta mulkdorga yoki boshqa shaxslarga foydalanish uchun o‘tkazilishi mumkin emas.
Tayanch va to‘siq konstruksiyalarni, kvartiralar oralig‘idagi ihotalangan (o‘rama) pillapoyalar, zinapoyalar, liftlar, liftning shaxtalari hamda boshqa shaxtalar, uy ichidagi muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari, joylarning tashqarisida yoki ichida joylashgan hamda bittadan ortiq joyga xizmat ko‘rsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika uskunalari hamda qurilmalari va boshqa uskuna hamda qurilmalarni boshqa shaxsga berish taqiqlangan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA