Yangi uy qurilib bitmagunicha, ya’ni kadastr hujjati tayyor bo‘lmaguncha hech qanday huquqiy amaliyotni amalga oshirib bo‘lmaydi. Bu esa xaridorning huquqlarini cheklashga zamin yaratmoqda.
Xorazmlik notariusning fikricha, bu muammoning yechimi – qurilish shartnomasi tuzish va uni notarial tasdiqdan o‘tkazishdir.
Yangi uy-joylar qurilishi keyingi yillarda avj olgani sir emas. O‘z navbatida, uy-joyga bo‘lgan ehtiyoj ham shunga yarasha ekanki, sotilmay qolayotgan xonadon yo‘q.
Yangi uylarning sifati, narx-navosi alohida masala. Quyida yangi uylarga nisbatan egalik huquqi haqida fikr yuritamiz.
Pulini oldindan to‘lab qo‘yib, uy bitishini yillab kutib qolayotgan yoki chuv tushayotgan odamlar yo‘q emas. Chunki yangi uy qurilishi boshlanishi bilan ularning tayyor maketlari ko‘rsatilgan reklamalarni ko‘rib, uy olishga qiziqayotganlar ko‘pchilik. Faqat ko‘p qavatli bo‘ladimi, bir qavatli bo‘ladimi, uy bitib, kadastr hujjatlari tasdiqlanmaguncha uni sotib oluvchi egalik huquqini qo‘lga kirita olmaydi.
Yangi qurilayotgan uylardan xonadon sotib olayotanlar qurilish tashkilotiga pul berib, tavakkal qilishdan boshqa chorasi yo‘q.
Xorazm viloyati Urganch shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Tohir Niyozmetov bu muammoning yechimi borligini aytmoqda.
– Buning uchun qurilish shartnomasi notarial tartibda tasdiqlanishi kerak, – deydi T.Niyozmetov. – Bu buyurtmachi (xaridor) va pudratchi (tadbirkor) o‘rtasida bino, inshoot yoki uning bir qismini yangidan qurish, tiklash, buzish yoki qayta jihozlash bo‘yicha ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish shartnomasi bo‘ladi. Yoki butunlay yangi bino yaratish, ta’mirlash, rekonstruksiya ishlari yoki individual xizmatlar bo‘lishi mumkin.
Notarius bunday tajriba rivojlangan davlatlarda mavjudligi, bu iste’molchi manfaatiga xizmat qilishini ta’kidlaydi.
O‘zbekiston Notarial palatasi va Germaniya notariat tizimi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan xalqaro hamkorlik doirasida tajriba orttirgan notarius ushbu masalani o‘rgangan.
– Germaniya xalqaro huquqiy hamkorlik fondi hamda Germaniya federal Notarial palatasi tomonidan Kyonigsvinter shaharchasida tashkil etilgan seminarda turli xil mavzularda mashg‘ulotlar olib borildi, ilg‘or tajribalar o‘rganildi, – deydi notarius. – O‘rganilgan mavzular orasida menga juda qiziq bo‘lgan mavzu bu – germaniyalik notariuslarning qurilish shartnomasi tuzishlari bo‘ldi.
Germaniya qonunchiligiga ko‘ra, faqatgina “qurilish shartnomasi” ko‘chmas mulkni sotish bilan bog‘liq bo‘lsa, notarial tasdiqlashni talab qiladi.
O‘zbekiston misolida bu yangi qurilayotgan ko‘p qavatli ko‘p xonadonli turar-joy binolarini qurish hamda sotish bilan bog‘liq holatlarga tatbiq etilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
“Qurilish shartnomasi” loyihasi notariuslar tomonidan juda puxta tayyorlanadi. Shartnomada quruvchi va buyurtmachining huquq va majburiyatlari aniq ko‘rsatiladi. Masalan, bino tavsifi, qurilish rejalari yoki xizmatlar ro‘yxati. Quruvchining majburiyati – qurilish ishlarini sifatli va o‘z muddatlarida bajarish. Mijozning asosiy majburiyati esa to‘lovni amalga oshirishdir.
Tomonlarning kelishuvchiga qarab to‘lov amalga oshirish shartlari belgilanadi. Misol uchun: umumiy summaning 25 foizi oldindan, 25 foizi quruvchi tomonidan ma’lum bir ishni qilganidan keyin, 25 foizi ma’lum bir boshqa ishni bajarganidan keyin, qolgan 25 foizi bino to‘liq qurilishi tugallanib, foydalanishga qabul qilinganidan keyin.
Germaniyada “Qurilish shartnomasi” bo‘yicha to‘lovlar faqat bank orqali amalga oshiriladi. Shartnomada qurilish ishlarini tugatish muddatlari aniq ko‘rsatiladi, agar quruvchi shartnomada ko‘rsatilgan muddatda binoni qurib bitkazmasa xaridorga jarima to‘lashi bo‘yicha bandlar ham kiritilishi mumkin.
Qurilishi tugallangan binoda nuqsonlar bo‘lsa, qanday tartibda tuzatilishi ham “Qurilish shartnomasi”ga kiritilishi mumkin.
“Qurilish shartnomasi”ning notarial tartibda tuzilishi – yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarning oldini olish uchun zarur mexanizm, desak bo‘ladi. Bu samarali amaliyot O‘zbekiston qonunchiligiga kiritilsa, ayni muddao bo‘lar edi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA